Qiyin ahvolda qolgan jami 719 nafar yurtdoshimiz joriy yil Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarildi

01.07.2019

2019-yilning I yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Rossiya Federatsiyasining Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlarida bo‘lgan, hujjat va mablag‘larsiz qiyin ahvolda qolgan jami 719 nafar yurtdoshimizni O‘zbekistonga qaytardi.

Fuqarolarimizni ortga qaytarish bilan bog‘liq barcha xarajatlar vazirlik huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan qoplandi.

Qaytarilgan yurtdoshlarimiz bepul maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mas'ul mutaxassislari tomonidan ishga joylashish, kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish masalalari bo‘yicha tashkillashtirilgan muloqotlarida ishtirok etdi.

Shuningdek, xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimiz vaziyati hisobga olinib, ularga yashash joylariga yetib olishlari uchun EKOIHning 1 baravari miqdorida pul mablag‘lari berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 2018-yil sentabrdagi Hukumatlararo komissiyaning 19-kengashida O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq, xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish chora-tadbirlari boshlangandan buyon, ya'ni 2018-yilning oktabridan 2019-yilning iyun oyiga qadar jami 920 nafar yurtdoshimiz O‘zbekistonga qaytarildi.

2 (8)