Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida gidroenergetika sohasidagi loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo’yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

31.10.2023
 
Unda so‘nggi 5 yilda tarmoq va transformatorlarni modernizatsiya qilishga 4 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgani, biroq, ayrim viloyat hokimlari, mahallalarda transformator va tarmoqlarni yaxshilash, kuz-qishni betalafot o‘tkazish uchun transformator, sim va boshqa ehtiyot qismlar zahirasini shakllantirishga e’tibor qaratilmaganligi tanqid qilindi.
 
Hududlardagi 
33 mingta transformator, 122 ming kilometr
 elektr tarmoqlari eskirgan, oqibatda ishlab chiqarilgan elektrning 12 foizi yo‘qotilgan. 20 ta tumanda elektr yo‘qotishlari hajmi respublika ko‘rsatkichidan 1,5 barobar ko‘p.
 
Rejaga ko’ra, 2026-yilga borib jami yo‘qotishlar hajmi 8 foizga tushiriladi.
O‘zbekistonda elektr ulgurji iste’molchilarining 28 foizi avtomatlashgan tizimga (ASKUE) ulanmagan. 
 
Yig‘ilishda mutasaddilarga ikki hafta muddatda qozonxonalar va isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlashga topshiriq berildi.
 
Noqonuniy iste’molga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish vazifasi qo‘yildi.
 
Bu yilgi kuz-qish mavsumiga aholi va ijtimoiy soha muassasalari ehtiyoji uchun yetarli hajmda ko‘mir yetkazib berish zarurligi ta’kidlandi. Unga ko‘ra, 10-noyabrga qadar ijtimoiy soha obyektlariga qo‘shimcha 60 ming tonna ko‘mir yetkazib beriladigan bo‘ldi.