Namangan viloyatida karantin davrida aholi bandligini ta'minlash yuzasidan tashkil etilayotgan amaliy ishlar
Chortoq tumanida 57 ta MFY bor. Ularda 196,6 ming nafar fuqaro istiqomat qiladi. Tuman yoshlarining soni 59,7 ming nafar, yakka yolg‘izlar soni 153 nafar, ishsiz aholi soni 7,3 ming nafarni tashkil qiladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov karantin davrida aholi bandligini ta'minlash yuzasidan tashkil etilayotgan ishlarni o‘rganish, jarayonda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun Namanganning ayni tumanida bo‘ldi.
Dastlabki manzil “Obod Diyor” MFY bo‘ldi. Bu yerda Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan ajratilgan subsidiya mablag‘lari hisobidan 2 mingga yaqin kam ta'minlangan (kambag‘al) va ishsiz yosh oilalarga 1 000 dona maydoni 2 sotixga teng issiqxona qurish jarayoni avjida. Jarayonlar tugagandan so‘ng “Obod Diyor”ning kattagina maydoni nomiga munosib bo‘lishi aniq.
Chortoqning yana mahallasi “Oromgoh”ning 3.5 mingdan ortiq aholi bor. Bu hududdagi muammo oqova suv ta'minoti bilan bog‘liq. Unga yechim sifatida esa 50 ta suvsiz xonadonga subsidiya mablag‘lari hisobidan sug‘orish nasoslari o‘rnatib berilyapti. Vazir mazkur jarayonning borishini yaqindan o‘rgandi.
Navbatdagi manzil so‘lim Chortoqning “Sohibkor” mahallasi bo‘ldi. Bu yerdagi mahalliy “OYSTRES” MChJda karantin davrida talab yuqori bo‘lgan tibbiy niqob hamda himoya vositalari ishlab chiqarilyapti. Buning ortidan mahallaning 35 nafar ishsiz ahli mehnat faoliyati bilan band.