O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma'lum qiladi
Fergana.agency saytida e'lon qilingan “Gruz 200 uchun million” maqolasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi:
Birinchidan, yurtdoshimiz, “Buyuk Kelajak” ekspert kengashi a'zosi Bahrom Ismoilovga mehnat migratsiyasi muammolariga befarq bo‘lmay, fikr bildirganligi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Mamlakat ichkarisi va tashqarisida davlatimiz muammolariga befarq bo‘lmagan odamlar uchun Vazirligimiz eshiklari doimo ochiq, bunga janob Ismoilov shaxsiy misolida bir necha bor ishonch hosil qilishi mumkin.
Ikkinchidan, kompensatsiyani undirish bo‘yicha taklif etilayotgan mexanizm vazirlikning maqsad va vazifalari hamda xorijdagi fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida olib borilayotgan siyosatga javob beradi. Dastlabki taqdimotda loyihaning tijoriy unsurlarga ega bo‘lgani va ma'lum shaxslar guruhi tomonidan daromad olish nazarda tutilgani bois, Vazirlik mutaxassislari tomonidan ushbu jihatga vazirlik mablag‘lari hisobidan to‘liq moliyalashtirish nuqtai nazaridan yo‘l qo‘yilmasligi masalasi ishlab chiqildi. Loyihaning ijtimoiy-gumanitar tomonga o‘zgarganligi munosabati bilan Vazirlik mutaxassislari barcha manfaatdor shaxslar ishtirokida ushbu masalani muhokama etish bo‘yicha ishchi uchrashuvini o‘tkazishga tayyor.
Shu bilan birga, ommaviy populist bayonotlardan ko‘ra faol amaliy chora-tadbirlar tarafdori bo‘lgan Vazirlik har qanday yordam ko‘rsatishga, shu jumladan, janob Ismoilov vakil bo‘lgan yuridik tuzilmalar xizmatini jabrlanuvchi yoki marhumning oilasidan kompensatsiya miqdoridan 20 foiz ushlab qolishsiz yuz foiz moliyalashtirishga tayyor.
Uchinchidan, faqat so‘nggi yillarda O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Rossiya Federatsiyasi va Koreya Respublikasidagi mehnat migrantlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ta'kidlab o‘tish joiz:
- Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi;
- Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva hamda Kvandjuda vakolatxonalari ochildi;
- Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Chet el fuqarolarini vaqtinchalik ushlab turish markazlaridan 1314 nafar O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekistonga qaytarildi va mazkur ishlar davom ettirilmoqda;
- 94 nafar halok bo‘lganlar jasadini Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi, Turkiya, Qozog‘iston va Yaponiyadan O‘zbekistonga transportirovka qilish tashkil etildi va moliyalashtirildi;
- O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy ish beruvchilar tomonidan to‘lanmagan 296 520 AQSh dollari qiymatdagi ish haqlari undirildi;
- 12 774 nafar fuqaroga bepul yuridik maslahatlar va huquqiy yordam ko‘rsatildi.
To‘rtinchidan, halok bo‘lganlar jasadining transportirovka qilinishini moliyalashtirish to‘liq Jamg‘arma hisobidan amalga oshirilishi (https://www.gazeta.uz/ru/2019/06/18/labor/) tartibi kiritildi va xorijda yurgan yaqinlar vafot etganda nima qilish va qaerga murojaat etish kerakligi bo‘yicha batafsil yo‘q-yo‘riqlar OAVda e'lon qilindi (https://www.gazeta.uz/ru/2019/06/15/migration/).
Ushbu press-reliz yozilayotgan ayni daqiqalarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari tomonidan Moskva viloyatining Serpuxov tumanidagi 14 fuqaroni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilmoqda (http://mosobl.sledcom.ru/news/item/1375741).
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yana bir karra Fergana.agency tahririyati va shaxsan Bahrom Ismoilovga mehnat sohasidagi muammolarni ko‘targani uchun minnatdorchilik bildiradi, shuningdek, janob Ismoilovning tajribasi va faol pozitsiyasini hisobga olgan holda, muhokama va munozaralardan amaliy ishlarga o‘tish maqsadida mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish masalalari bo‘yicha mas'ul bo‘sh ish o‘ringa Bahrom Ismoilovni taklif etadi.