Pastdargʼom tajribasi
Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 15-16 aprelь kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʼida mahallabay ishlash tizimi joriy etilishi boʼyicha mutasaddilarga topshiriq berilgan edi. Joriy yilning 6 may kuni “Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ–5105-son Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʼra, 2021 yil 1 iyundan Pastdargʼom tumani "Mahallabay ishlash" tizimi tajriba sifatida olingan boʼlib, uning ijrosini oʼz vaqtida taʼminlash maqsadida Bandlik mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov, viloyat va tuman mutasaddilar bilan birgalikda "Poʼlatchi" mahallasiga tashrif buyurdi.
Mahalladagi Nizomiy koʼchasi 22-uyda yashovchi Gulandon Nasimova xonadoni oʼrganilib, oila boquvchisini yoʼqotganligi sababli qizi Neʼmatova Faridaga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berish tavsiya etildi.
Toʼmaris koʼchasi 57-uyda istiqomat qiladigan Nodira Joʼraevaning 2-guruh nogironligi va ikki nafar qizi ishsiz ekanligi sababli ularni ishga joylashtirish hamda subsidiya asosida kasb-hunarga oʼqitishga kelishib olindi. Shu bilan birgalikda oila tomorqasiga issiqxona qurib berishni vaʼda qilishdi.
Yangiobod koʼchasi 8-uyda yashovchi Maxmanazar Usmonov xonadoniga tashrif buyurilib, hozirgi vaqtda oʼgʼli oʼqiyotganligi va turmush oʼrtogʼi ishsiz ekanligi aniqlandi. Birinchi navbatda ayolni tikuvchilik boʼyicha oʼqitish, bitirgandan soʼng tikuv mashinasi olib berish orqali bandligi taʼminlanishi hamda oʼgʼlini qisqa muddatli kursga oʼqitish hamda subsidiya asosida noutbuk olib berish tavsiya etildi.
Mutasaddilar tomonidan Ipak yoʼli koʼchasi 60-uyda yashovchi Norbek Toʼraev xonadoni ham oʼrganilib, uning 1-guruh nogironi ekanligi va oʼgʼillari bozorda aravakashlik bilan shugʼullanib roʼzgʼor tebratishlarini inobatga olib, xonadon oʼgʼillariga parandachilikni bilan shugʼullanishlari uchun kredit olib berish hamda subsidiya asosida issiqxona qurib berish tavsiya etildi.