“O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasi ishga tushirilmoqda

10.05.2019

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan Harakatlar strategiyasida aholi bandligi masalasi muhim ijtimoiy tarmoqlardan biri sifatida qayd etilib, unda, eng avvalo, o‘rta maxsus va oliy o‘quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta'minlash alohida ta'kidlangan.

Mazkur vazifani samarali amalga oshirish hamda shu orqali yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasini ishga tushirmoqda.

2019-2021-yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha uch asosiy yo‘nalishda amalga oshiriladi:

1. Mehnat bozoridagi faol siyosat orqali yoshlar bandligiga ko‘maklashish va qo‘llab quvvatlash.
2. Yoshlar tadbirkorligi va biznes-startaplarini rivojlantirish.
3. Yoshlar bandligiga ko‘maklashishda ko‘rsatiladigan xizmatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi imkoniyatlarini kengaytirish.

Loyiha orqali kelgusida yanada sifatli mexanizmlar asosida tashkil etiladigan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga yoshlarni kengroq jalb qilish, vakansiyalar va ishga qabul qilish haqidagi e'lonlar joylashtiriladigan va yoshlar tomonidan faol qo‘llaniladigan zamonaviy mobil ilovani ishlab chiqish, kasbiy rivojlantirish markazlarida o‘qiydigan yoshlar sonini oshirish, yoshlar bandligini ta'minlashga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash va yuzaga chiqarish, xalqaro standartlarga muvofiq yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasini belgilash bo‘yicha metodologiya va tavsiyalarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.    

2019-yilning 13-may kuni “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tadi. Marosimni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, BMT bosh kotibi yordamchisi, BMT TD  yevropa va MDH davlatlari hududiy byurosi direktori Miryana Egger, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev ochib beradi va loyiha taqdimoti o‘tkaziladi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari, BMT agentliklari, Rossiya Federatsiyasi Elchixonasi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.