O‘zbekistonda World Skills standartlari bo‘yicha ochiq chempionat o‘tkaziladi
2019-yil 12-sentabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida kasbiy ta'lim sifatini oshirish hamkorligi bo‘yicha “World Skills Russia” vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda World Skills Russia uyushmasining xalqaro faoliyat bo‘yicha direktori Alina Doskanova, bosh direktor o‘rinbosari Aleksey Timchikov, World Skills Russia makromintaqaviy rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Aleksey Skornyakov hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov boshchiligidagi vazirlik mas'ullari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida kasbiy ta'lim, kadrlar tayyorlash, o‘quv jarayonlarini tashkillashtirish va bilimni baholash markazlarini jihozlash sohalarida o‘zaro tajriba almashish hamda istiqboldagi rejalar xususida fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida World Skills standartlari bo‘yicha O‘zbekistonda 2019 yil ochiq chempionat o‘tkazishga kelishildi.
Shuningdek, “World Skills Russia” vakillari Mehnat vazirligi tasarrufidagi kollej binosida ochilgan “Ishga marhamat” monomarkaziga tashrif buyurib, u yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.