O‘ZBEKISTONDA ISHSIZLIK DARAJASI 9,6 FOIZNI TASHKIL ETDI

07.03.2022

O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvar holatida ishsizlik darajasi 9,6 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaygan bo‘lsa, 2021 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 0,2 foizga ortdi.

2021-yilning dekabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari tomonidan respublikamizning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Tadqiqot davomida 500 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 5,0 mingta uy xo‘jaliklari hamda 26,5 ming nafar fuqarolar qamrab olindi.

2022-yilning 1-yanvar holatida mehnat resurslari soni 19 345,0 ming kishini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 101,1 foizga yoki 202,6 ming kishiga oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13 538,9 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,3 foizga (299,3 ming kishiga) oshgan.

2022-yilning 1-yanvar holatida rasmiy sektorda band aholi soni 6 196,3 ming kishini tashkil qilib, 2020  yilning shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band bo‘lganlar soni 6,3 foizga yoki 314,8 ming kishiga oshgani kuzatildi.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5 885,5 ming kishini tashkil etib, 2021-yilning 1-oktyabr holatiga nisbatan 1,0 foiz yoki 58,4 ming kishiga kamaygan. 2022-yilning 1-yanvar holatida mehnat resurslari soni 19 345,0 ming kishini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 101,1 foizga yoki 202,6 ming kishiga oshgan.  

 O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 441,8 ming kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,6 foizni tashkil etdi. 16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi - 15,1 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa - 13,3 foiz bo‘ldi.

2022-yilning 1-yanvar holatida respublikamizda iqtisodiy nofaol aholi 4 364,2 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,5 foizga yoki 19,8 ming kishiga ortishi kuzatildi.

2021-yilning yanvar-dekabr oylarida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 879,5 ming nafar fuqaro ish topishga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Murojaat qilgan fuqarolarning 393,8 ming nafari ish bilan ta’minlandi, (2021 yilda 281,3 ming ishsiz aholini ishga joylashtirish belgilangan bo‘lib), yillik dastur 140,0 foizga bajarildi (shuningdek 2020 yilning mos davriga nisbatan 108,5 foizga oshdi).

Ishga joylashishga ko‘maklashilgan shaxslarning 203,6 ming nafari (51,7 %) ayollar, 160,8 ming nafari (40,8 %) yoshlarni tashkil etadi.

Murojaat qilgan fuqarolarning 234,2 ming band bo‘lmagan aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi va ularning ish haqi uchun 240,2 mlrd.so‘m mablag‘ to‘lab berildi. Jumladan: 190,6 ming nafar ishsizlar tuman (shahar) aholi punktlari, mahallalar va boshqa hududlarni obodonlashtirish ishlariga, 14,3 ming qishloq xo‘jaligi ishlariga, 10,8 ming byudjet korxonalariga (mahallalarda jamoatchi yordamchi va yoshlar ittifoqiga yordamchi ishchi sifatida) va 18,5 ming boshqa yo‘nalishlarda tashkil etilgan jamoat ishlariga jalb etildi.

Bundan tashqari, 98,8 ming nafar ishsizlarga 87,1 mlrd.so‘m ishsizlik nafaqasi tayinlandi va to‘lab berildi.

2021-yil davomida 37,3 ming ishsizlar hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsizlarga 83,1 mlrd.so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. Jumladan:

- tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish, “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlarini qoplash uchun 6 781 nafar fuqarolarga 4,8 mlrd.so‘m;

- shaxsiy va dala tomorqasida issiqxona, ekishga urug‘lar va ko‘chatlar hamda sug‘orish vositalarini harid qilish uchun 18 608 ta oilalarga 52,7 mlrd.so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.

228 ta ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etilib, ularga 9,9 ming nafar ishsizlar biriktirildi va ularning a’zolik ulushi sifatida 21,8 mlrd.so‘m subsidiyalar ajratildi.

2021-yilda jami 506,2 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi yoki prognozga nisbatan 110,7 foizga bajarilgan (o‘tgan yilga nisbatan 118,3 %ga o‘sdi, 78,4 mingtaga ko‘p). Shu jumladan,

  • tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 124 ta loyihada jami 19,9 ta;
  • hududiy investisiya dasturiga kiritilgan 19,3 mingta loyihalarni amalga oshirish hisobiga 218,1 mingta (105,8%) yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
  • Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga 8 875 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
  • yangi ro‘yxatdan o‘tgan qariyib 74,4 mingta kichik korxona va mikrofirmalarda 148,9 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan.
  • Yakka tartibdagi tadbirkorlarni faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali 110,8 ming nafar aholi band etildi.

Mehnat bozoridagi talablar asosida kasbiy bilimlarga o‘qitish vazirlikning ustuvor vazifasiga aylandi. Vazirlik tasarrufida 16 ta “Ishga marhamat” band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi “Monomarkaz”, 59 ta tuman va shahar kasb-hunarga o‘qitish markazlari, 136 ta mahallada kasb-hunarga o‘qitish maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 54 turdagi kasblar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillar bo‘yicha 2021-yilda 115,4 ming nafar ishsizlar kasb-hunarga o‘qishga jalb etildi.

Kasb-hunarga o‘qishga jalb etilganlarning asosiy qismi xotin-qizlar (68,4 foiz), yoshlar (54,4 foiz) ulushiga to‘g‘ri keldi.

Kasb-hunarga o‘qitishga jalb etilganlarning 69,9 ming nafari (60,6%) sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida, 23 ming nafari (19,9%) qurilish, 2,4 ming nafari (2,1%) agrotexnologiyalar, 9,2 ming nafari (8,0%) “IT” sohasi kasblari va 10,9 ming nafari (9,4%) “Usta-shogird” an’anasi asosida hunarmandchilik kasblariga yo‘naltirildi.