O‘ZBEKISTONDА IShSIZLIK DАRАJАSI 13,2 FOIZDАN 11,1 FOIZGА TUShDI

14.11.2020

O‘zbekistonda 2020-yilning yanvar-sentyabr oylarida ishsizlik darajasi 11,1 foizni tashkil etib, joriy yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 2,1 foizga kamaydi.

Joriy yilning sentyabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikamizning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Tadqiqot davomida 490 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo‘jaliklari hamda 26,0 ming nafar fuqarolar qamrab olindi.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida mehnat resurslari soni 19 121,3 ming kishini tashkil etib, 2019 yilning shu davriga nisbatan 100,7 foizga yoki 135,5 ming kishiga oshgan.

Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13 205,2 ming kishini tashkil etib, joriy yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan
3,7 foizga (468,5 ming kishiga) oshgan.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida rasmiy sektorda band aholi soni 5 673,8 ming kishini tashkil qilib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 1,7 foizga yoki 92,6 ming kishiga oshdi.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5 618,8 ming kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 9,9 foiz yoki
504,2 ming kishiga ortgan. Bu asosan respublikadan tashqariga ishlash uchun chiqadigan mehnat migrantlarining ichki mehnat bozoriga qaytib kelishi hamda mavsumiy ishlar qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlarning ortishi evaziga yuzaga kelgan.

Respublikadan tashqariga ishga ketganlar soni 1 912,6 ming kishini tashkil etgan, bu joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan
128,3 ming kishiga yoki 6,3 foizga kamaygan.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari ko‘ra, ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 642,5 ming kishini tashkil etdi. Ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 11,1 foizni tashkil etganligini ko‘rsatdi. 16-30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida ishsizlik darajasi - 17,1 foiz, ayollar o‘rtasida ishsizlik darajasi esa - 14,7 foiz bo‘ldi.

Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida respublikamizda iqtisodiy nofaol aholi 4 273,6 ming kishini tashkil etib, joriy yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 3 foizga yoki 130,3 ming kishiga kamaygan.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida tuman(shahar) Аholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilgan 910 201 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatildi.

Murojaat qilgan fuqarolarning 243 946 nafari ish bilan ta‘minlandi, 500 449 kishi jamoat ishlariga jalb qilindi, 25 384 nafar ishsizlar kasbga o‘qitildi, 45 036 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, 38 002 kishiga mehnat munosabatlari bo‘yicha konsul‘tasiyalar berildi.

Shuningdek, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan ajratiladigan subsidiyalar hisobiga 30 827 nafar oila shaxsiy tomorqalarda,
19 174 nafar fuqaro qishloq xo‘jaligi, tikuvchilik va hunarmandchilik kooperativlarida band qilindi, 7 383 nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb etildi.