O‘zbekiston – Rossiya: mehnat migratsiyasi masalalari muhokama qilindi
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda tanlash va jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari o‘rtasidagi kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhining yig‘ilishi o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Rossiya Federatsiyasi mehnat va bandlik federal xizmati, Rossiya Federatsiyasi mehnat va ijtimoiy himoya, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Qurilish vazirliklari, Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ishchi guruhi yig‘ilishida Hukumatlararo kelishuvning amalga oshirish jarayoni, xususan, pandemiya sharoitida O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotining turli tarmoqlariga ishga jalb qilish, fuqarolarni rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha o‘qitish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent rasmiylashtirish uchun talab etiladigan tibbiy ko‘rik xizmatlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.