O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma'qullandi

15.12.2021

Qonun loyihasida quyidagi masalalar nazarda tutilmoqda:

tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan masalalar ularga xalqaro hujjatlardagi normalar singdirilgan holda qonun darajasida aks ettirilmoqda;

xalqaro hujjatlardagi mehnat migrantlarining huquqlariga oid ayrim normalar, jumladan, tashqi mehnat migratsiyasining ixtiyoriyligi va erkinligi, mehnat migrantlarining jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab kamsitishga va majburiy mehnatga jalb qilishga, shuningdek, mehnat migrantlarining sog‘lig‘iga ziyon yetkazuvchi sharoitlarda ishlash uchun jalb qilishga yo‘l qo‘ymaslik kabi bir qator huquqlari mazkur loyiha asosida milliy qonunchilikka implementatsiya qilinmoqda;

fuqarolarning xorijdagi mehnat faoliyatini tashkil etish, ularni uyushgan holda ishga joylashtirish, uyushgan holda ishga joylashtiriladigan fuqarolarga beriladigan ijtimoiy kafolatlar hamda chet ellik fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida jalb qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yagona hujjatda jamlangan holda to‘liq yoritib berilmoqda.

Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida:

birinchi, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunosti hujjatlari qonun darajasida mustahkamlanadi, shuningdek, xalqaro hujjatlardagi mehnat migrantlarining huquqlariga oid normalar milliy qonunchilikka implementatsiya qilinadi;

ikkinchi, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi mehnat faoliyatini tashkil etish va chet ellik fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida jalb qilish tartibi yagona qonunda tizimlashtirilgan holda jamlanadi;

uchinchi, tashqi mehnat migrasiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab beriladi, shuningdek, ushbu sohada qo‘llanilib kelinayotgan tushunchalarning mazmun-mohiyati ochib beriladi;

to‘rtinchi, sohani tartibga solishda ishtirok etadigan davlat hokimiyati va boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlarining vakolatlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki doirasi belgilab beriladi;

beshinchi, uyushgan holda ishga joylashtiriladigan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarning reintegratsiya qilish tartibi tizimlashtiriladi.

Loyihani ishlab chiqish jaryonida 2 ta konvensiya va 10 ga yaqin xorijiy davlatlar, jumladan, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya, Belarussiya, Moldovaning tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunchiligi tahlil qilindi.