O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH VAZIRINING MASLAHATCHISI M.XAYRIDDINOV, BANDLIK VA MEHNAT MUNOSABATLARI VAZIRINING BIRINCHI O‘RINBOSARI E.MUHITDINOV VA ROSSIYA FEDERATSIYASINING MAMLAKATIMIZDAGI ELCHISI V.TYURDENEV ISHTIROKIDA UCHRASHUV TASHKIL ETILDI

11.11.2020

Joriy yil 10 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.Xayriddinov, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov va Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi elchisi V.Tyurdenev ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

 

Uchrashuvda koronavirus pandemiyasi paytida O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish masalasi, O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan migratsiya sohasidagi shartnomalar loyihalarining bugungi kundagi holati muhokama qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, ayniqsa, karantin cheklovlari sababli chet elga ishlash uchun ketolmagan fuqarolarni Rossiya Federatsiyasidagi yirik qurilish obyektlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga ishga jalb qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 17 avgustda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizga munosib sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, shuningdek, 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga tashkillashtirilgan holda yuborish, ularni kasb-hunar va rus tiliga o‘qitishni tashkil etish, ushbu davlatdagi mehnat migrantlariga huquqiy yordam berish va boshqa vazifalar belgilab berilgan.

Yuqoridagi vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari joriy yilning sentyabr oyida Rossiyada bo‘lib, ushbu mamlakatning turli vazirlik va idoralari bilan muzokaralar o‘tkazib, aniq kelishuvlarga erishilgan edi.

Uchrashuvda ikki mamlakat migratsiya sohasida yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanligi bildirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni fuqarolarni Rossiyaga ishga joylashtirish masalasida Rossiya hukumatidan ruxsat olish bo‘yicha bir nechta takliflar berdi. Berilgan takliflarni Rossiya tomoni muhokama qilib, natijasi bo‘yicha maʼlum qilinishini taʼkidladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar pandemiya davrida O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda Rossiyada ishga jalb qilish, xususan, mamlakat hududiga kirishga va ishlash uchun ruxsat olish, mehnat migrantlarini tashkillashtirilgan holda jo‘natish, karantinda bo‘lish kabi jarayonlarni soddalashtirish yuzasidan qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ayni paytda uchrashuvda bildirilgan barcha fikrlar bo‘yicha Rossiya tomonidan takliflar olinishi kutilmoqda.