O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Alyans 8.7 xalqaro tashkilotining a’zosiga aylandi

06.12.2021

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Alyans 8.7 xalqaro tashkilotining a’zosiga aylandi
Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi qo‘llab-quvvatlovi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Alyans 8.7” xalqaro tashkilotiga hamkor maqomida a’zo bo‘ldi.
“Alyans 8.7” – bu BMTning 2030 yilga qadar barqaror rivojlanish maqsadlaridagi 8.7 topshirig‘iga muvofiq, barqaror iqtisodiy o‘sishni rivojlantirish hamda to‘liq bandlik va munosib mehnat masalalari bo‘yicha global hamkorlikka qaratilgan xalqaro platforma hisoblanadi. Bugungi kunda Alyans kotibiyati Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan boshqarib kelinmoqda.
“Alyans 8.7” faoliyati inklyuzivlik tamoyiliga asoslanadi hamda hukumat, ishchi va ish beruvchilar tashkilotlari, BMT idoralari, xususiy sektorlar, shuningdek, ilmiy doira va fuqarolik jamiyatlarining ishtirok etishini nazarda tutadi.
Hamkor sifatida Alyansda qatnashish 8.7 topshirig‘ini bajarishga qaratilgan dasturlarni faol joriy qilish majburiyati, shu bilan birga, xalqaro standartlarga, jumladan, mehnat va bandlik sohasidagi mezonlarga rioya qilishni talab etadi.
Bugungi kunga kelib, xalqaro tashkilotlar (MXT, YeXHT, BMT TD, YUNISEF va b.q.), akademik tuzilmalar (Stenford universiteti, Nottingem universiteti va b.q.), davlat boshqaruv institutlari (AQSH mehnat departamenti, Germaniya mehnat va ijtimoiy masalalar vazirligi, Buyuk Britaniya mehnat va pensiya vazirligi va b.q.), ishchi va ish beruvchilarning vakillik organlari (Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari kongressi) bilan qo‘shgan holda butun dunyo bo‘yicha 242 ta tashkilot Alyans 8.7 ning hamkorlari hisoblanadi.
“Alyans 8.7” hamkoriga aylangach, Vazirlik ishlab chiqarish va sotish zanjirlari, migrasiya, qonun ustuvorligi singari harakatdagi guruh (action groups) tashkilotlariga qo‘shiladi. Harakatdagi guruhlarda ishtirok etish orqali Vazirlik ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkaziladigan tadqiqot natijalarini muvofiqlashtirishi, kechiktirib bo‘lmaydigan masalalarni amalga oshirish yuzasidan boshqa a’zo tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Alyans 8.7”ga qo‘shilishi quyidagilarga imkon beradi:
 bolalar va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini, ushbu sohadagi turli tashkilot va xalqaro indekslarda O‘zbekiston nufuzi va o‘rnini yanada oshirish;
 munosib mehnat sohasidagi xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlarning vakolatli organlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabat yuritishni kengaytirish, mehnat sharoitlari va mehnat muhofazasini yanada yaxshilash;
 mehnat migrasiyasi jarayonlarini tartibga solish sohasidagi tashkilotlar bilan hamkorlik samaradorligini oshirish, shuningdek, mehnat migrasiyasiga oid qonunchilikka xalqaro standartlarni joriy etish;
 odam savdosiga qarshi kurashish, majburiy mehnat va mehnat migrasiyasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun zaruriy resurslar hamda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish.
O‘zbekiston Mehnat vazirligining “Alyans 8.7”ga hamkor sifatida nomzodi Global koordinasion guruhning navbatdagi kengashida bir ovozdan ma’qullandi.