O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ta’sis Konferensiyasi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ta’sis Konferensiyasi
PRESS-RELIZI
2024 yil 16-17 yanvar kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ta’sis Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahalla institutining maqomi O‘zbekiston Konstitutsiyasi darajasida mustahkamlandi. Mahalla tizimi islohotlarning markaziy va hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylandi. Ayniqsa, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay”, “xonadonbay”, “oilabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili amaliyotga tatbiq etildi.
Oxirgi yetti yilda tizimni takomillashtirishga doir 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara berdi. Buning tasdig‘ini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida ko‘rish mumkin.
Mahalla chinakam xalq manfaatini ko‘zlaydigan, aholi muammolarini mustaqil hal eta oladigan, davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qodir yetakchi fuqarolik jamiyati institutiga aylandi. Mahallaning joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “adolat tarozisi”ga aylanishi, hech shubhasiz, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-209-sonli Farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-402-son Qarori bilan mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Ushbu farmon va qaror asosida Respublika, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shahar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi.
Har bir fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” shakllantirilib, ularning aniq vazifalari, birgalikda amalga oshiradigan ishlari ko‘rsatib o‘tildi. Mahalla xodimlari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha alohida baholash tartibi joriy etilmoqda va mahalla raislari endi 20 foiz ball berish huquqiga ega. Barcha mahallalarda “Mahalla byudjeti” tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Eng muhimi, mahallaning aholiga ijtimoiy ko‘mak berish borasidagi vakolati kuchaytirildi. Endilikda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning birgalikdagi qarori asosida amalga oshiriladi. Qonun hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar bilan “ettilik” a’zolarini tayinlashda mahallada yashaydigan nomzodlarga ustunlik beriladi. Mahalla raisining ma’lumoti va malakasi bo‘yicha talablar belgilanib, ularning vakolat muddatini 3 yildan 5 yilga uzaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Joriy yil 11 yanvarda tuman (shahar)larda mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarining tashkiliy yig‘ilishlari o‘tkazilib, unda respublikamizdagi barcha 9 442 ta fuqarolar yig‘inlari raislari, 12 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining yig‘ilishlarida tuman (shahar)lardan delegat etib saylangan 1 418 nafar raislar ishtirok etdi. Ular orasidan 140 nafar fuqarolar yig‘inlari raislari ta’sis Konferensiyasida ishtirok etish uchun delegat sifatida saylandi.
16 yanvar kuni poytaxtimizda hududlardan tashrif buyurgan ta’sis Konferensiyasi delegatlari kutib olindi. Kun tartibiga ko‘ra, dastlab ular uchun O‘zbek Milliy drama teatrida spektakl namoyish etildi. Shundan so‘ng delegatlar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Katta Qorasuv” va Shayxontohur tumanidagi “Sarxumdon” mahallalariga tashrif buyurib, ushbu yig‘inlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
17 yanvar kuni Konferensiya ishtirokchilari Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, “Mustaqillik va ezgulik” monumenti poyiga gul qo‘yishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ta’sis Konferensiyasi o‘tkazildi.
Ta’sis Konferensiyada O‘zbekiston mahallalari uyushmasini tuzish va uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish, uyushma Ustavi va Ramzini, hududiy bo‘linmalarining Namunaviy nizomlarini tasdiqlash, uyushmasining Nazorat-taftish komissiyasi raisi va a’zolarini saylash, shuningdek uyushma va uning hududiy bo‘linmalari hamda mahalla faollari oldida turgan ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan delegatlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Unda mahalla tizimidagi o‘zgarishlar, uning jamiyat hayotidagi o‘rni va obro‘sini oshirish borasidagi tashabbuslar, “mahalla yettiligi”ning faoliyat yo‘nalishlari xususida so‘z bordi. Prezident farmon va qarorida belgilangan ustuvor vazifalar birma-bir tahlil qilindi. Delegatlar mahalla tizimini takomillashtirishga oid takliflari va tashabbuslarini bildirdi.
Konferensiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Delegatlar O‘zbekiston mahallalar uyushmasining raisi lavozimiga ______________________________________ nomzodini bir ovozdan ma’qullashdi.
Konferensiya ishtirokchilari nomidan mahallalar faollariga Murojaat qabul qilindi.