O‘zbekiston Gender Komissiyasining davra suhbati bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Ayollar yetakchi lavozimlarda: COVID-19 pandemiyasi sharoitida teng huquqli kelajakka erishish” mavzusidagi offlayn va onlayn davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Gender komissiyasi, xalqaro tashkilotlar, vazirliklar va idoralar rahbarlari, Nodavlat va notijorat tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida dastlab Oliy Majlis Senati raisi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Narbayeva ma’ruza qildi va mamlakatimizda xotin-qizlar masalalariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganligi, xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, tibbiy yo‘nalishlarda huquq va manfaatlari himoya qilinayotganligi, rahbarlik lavozimlarida ayollar o‘rni va salmog‘i ortib borayotganligi masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), Gender va iqtisodiy inklyuzivlik departamenti direktori Barbara Rambousek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Frayzer, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mantovanelli mavzuga doir ma’ruzalari bilan qatnashdi.