“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida muhim yo‘nalishlar belgilandi

12.09.2023

 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida muhim yo‘nalishlar belgilandi

Farmonga muvofiq “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi va bu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2023-yil 1-oktyabrdan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bunda, ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab beriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

– bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi. Bunda, tuman va shahar byudjetlariga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish jamg‘armalariga yo‘naltiriladi;
– Tashabbusli byudjet amaliyotini va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish uchun Davlat byudjetidan 10 trillion so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun kamida 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi;
– qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya beriladi;
– “Izlanish va rivojlanish” markazlari tashkil etilgan kundan boshlab 3 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summa miqdorining 1 foizini to‘lash, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida hisoblash tartibi joriy qilinadi.

Ma’lumot uchun: Strategiyaga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatimizda 415 ming aholini ish bilan ta’minlash hamda ishsizlik darajasini 8,5 foizgacha tushirish maqsad qilingan.