OTM talabalarining haq to‘lanadigan malaka amaliyoti tartibi belgilandi

10.01.2024

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvar sanasida “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining haq to‘lanadigan malaka amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi 11-son qarori tasdiqlandi.
Unga ko'ra, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini joriy etish maqsadida talabalar o‘rtasida har yili bir marotaba tanlov tashkil etiladi.
Qarorda kadrlar buyurtmachilari bo‘lgan vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab, ehtiyojidan kelib chiqib, talabalarning ta’lim yo‘nalishiga muvofiq haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotiga shartnoma asosida jalb etadi.
Amaliyotini o‘tash davrida talabalarga amaliyotchi maqomi berilib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hisobiga vaqtincha ish bilan ta’minlanadi.
Amaliyotni o‘tash davrida ular tashkilot ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, yetarli shart-sharoitlar, yashashi uchun vaqtincha turar joy bilan ta’minlanadi. Qabul qiluvchi tashkilotdan tayinlangan amaliyot rahbari hamda amaliyotchi talaba mehnat qonunchiligiga muvofiq moddiy rag‘batlantirilishi mumkin.
Amaliyotini namunali o‘tagan talabalar o‘qishni tamomlaganidan so‘ng, ushbu tashkilotda ish bilan ta’minlanadi.
Ma'lumot uchun: tanlov shartiga ko'ra, talaba bitiruvchi bo‘lishi, mutaxassisligi korxonasidagi faoliyatiga mos kelishi va O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi kerak.
Amaliyot o‘quv rejaga ko‘ra,1 oydan 3 oygacha muddatda amalga oshirilib, g‘olibning xarajatlari Maxsus komissiya qaroridan so‘ng 15 kun ichida qoplanadi. Bunda talabaga BHMning 2 baravari miqdorida ish haqi va unga hisoblangan ijtimoiy soliq tegishli hisobraqamiga o‘tkaziladi.