Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda malakani rivojlantirish bo‘yicha yirik loyiha ishga tushiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ijrochi tashkilot sifatida Osiyo taraqqiyot banki bilan “Zamonaviy iqtisodiyot uchun malakani rivojlantirish” loyihasi ustida ish olib bormoqda.
Mazkur loyiha to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi va axborot kommunikatsiya texnologiyalari singari ustuvor sohalarda malakani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
29-may kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Osiyo taraqqiyot bankining maslahat hay'ati vakillari bilan mazkur loyiha istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki maslahat hay'ati rahbari Sin Lon, loyiha boshqaruvi guruhi rahbari Eyko Izava, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov boshchiligidagi vazirlik mas'ullari, loyiha hamkorlari bo‘lgan tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tarmoqlar bo‘yicha malaka kengashi tashkil etish, kasbiy standartlarning qo‘llanilishi, yo‘nalishlar bo‘yicha malakaga ehtiyoj va loyihani amalga oshirish mexanizmlari kabi masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha 2019-yilning 15-iyunida malakaga oid konsultativ seminar o‘tkazilishiga kelishildi.