Orzu sari sukunat uzra
Koʼringan togʼning yirogʼi yoʼq deydilar. Buni qarang-ki, ushbu maqolga amal qilib yashash uchun doim ham til-zabon yoki tinglash qobiliyati shart emas ekan.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi Maxmuda opa Ziyatova tugʼilganidan beri eshitish va gapirish qobiliyatidan mosuvo. Shunga qaramay, ikki yildirki u hovli-joyidan avval kichik, hozir esa kattaroq tikuv ustaxonasini ochib, mahalladagi qiz va ayollarga tikish-bichishdan saboq berib kelyapti. Bunda Maxmuda opaga qizlari Zarina va Zarifalar yordam bermoqda.
“Faoliyatimizni boshlanganiga unchalik koʼp boʼlmasa-da, turli hil mahsulotlarni chiqarishga ulgurdik – toʼy liboslari, zamonaviy pardalar, bolalar kiyimlari, yotoq uchun choyshablar, mahalliy bozor uchun futbolkalar, paxta terish sumkalari va boshqa buyurtmalarimiz koʼp”, – deydi Maxmuda opaning kichik qizlari Zarifa.
Аvvalgi va hozirgi voqealarni aytib berar ekan, Maxmuda opa shunday deydilar:
“Korxonaning ochilishi karantin boshlanishiga toʼgʼri kelgani uchun ancha-muncha qiyinchiliklarga duch kelib, hattoki ikki oy ishsiz qoldik. Karantin davrida boshqalarga ham oson boʼlmadi. Mahalladagi qoʼni-qoʼshnilarimizga nima yordamimiz tegishi mumkin deb, oʼylab koʼrdik. Shunda qoʼlbola niqob tikishni boshladik. Soʼng mahallamizdagi har bir oilaga niqoblarni bepul tarqatdik”.
Yoshligini eslab Maxmuda opa davom ettirdilar:
“Bolalik uyimda kichik tikuv mashinkasi boʼlardi, internatda ham tikishni oʼrgatishgan, usha paytlar tikishga qiziqishni boshlagandim. Dadamlar tikuv kombinatida haydovchi boʼlib ishlardilar, meni oʼsha korxonaga oborib, rahbarlariga ishga oling deb iltimos qildilar. U kishi mayli, qadoqlovchi qilib olamiz dedi. Shunda men “Yoʼq, men tikaman deb aytdim”. Rahbar shunda dadamga “qizingiz gapirishni bilmasa, eshitolmasa, ishla olmaydi”, deb etdi. Men tikuv mashinkasiga oʼtirib, shijoat bilan tika boshladim, bu ish qoʼlimdan kelishini, tikishni yaxshi bilishimni koʼrsatdim. Meni ishga olishdi”.
Oilaning katta qizi Zarina BMT TD va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” qoʼshma dasturi doirasidagi Kichik biznesni qoʼllab-quvvatlash tashabbusining tanlovi haqida ijtimoiy tarmoqlardan xabar topdi. Oila aʼzolari bilan maslahatlashib shu dasturda qatnashishga qaror qilishgan. Maxmuda opaning loyihasi tanlovda gʼolib deb topilib, ularga 4-haftalik trening oʼquv darslarida ishtirok etish imkoniyati hamda grant sifatida ishlab chiqarish uskunalari berildi.
Ustaxonada tikuvchilikdan tashqari boshqa yo‘nalishlar ham mavjud bo‘lib, bu yerda ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar va ayollar, Mahmuda opa singari imkoniyati cheklangan qizlar ham tekin bilim oladi.
Suhbatimiz yakunida Maxmuda opa oʼz rejalari bilan ham boʼlishdilar: “Hozir tikuv markazimizda grant sifatida berilgan jami 10 ta asbob-uskuna bor (tikuv mashinalari, overlok, kompyuter, printer, proektor). Hozirgacha 30 ta shogird chiqardik, ularning aksariyati shu yerda ish amaliyotini oʼtayapti. Yaqin kunlarda mahallamizdagi qizlarni oʼqitib boʼlib, qoʼshni mahalla va tumanlardagi tajriba va kasb-hunarga muhtoj boʼlgan yoshlarga oʼz bilimizni ulashishni rejalashtirganmiz”.
Maxmuda opaning ishtiyoqi va energiyasi, xayotiy tajribasi hech kimni befarq qoldirmaydi.
Imkoniyati cheklanganlarning jamiyatga kirishishi, barqaror rivojlanish yoʼlidagi muhim shartidir. Shuningdek, bu 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish uchun asosiy maqsadlaridan biri.
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra, dunyoda 1 milliardga yaqin odamlar, yoki aholining 15 foizi, nogironlikning u yoki bu shakliga ega. 2020-yilda O‘zbekistonda 781,3 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs rasman ro‘yxatga olingan. Ammo ularning atigi 2 foizga yaqini rasman ish bilan band.
BMTTD koʼp yillar davomida inklyuziv gʼoyalarni ilgari surib kelmoqda. Masalan, loyihalarda qoʼllaniladigan Inklyuziv biznes-modellar (inclusive business models) kontseptsiyasi kam taʼminlanganlarni qiymat zanjirining turli bosqichlarida, talab jihatidan – isteʼmolchi, mijoz yoki xaridor sifatida, taklif jihatidan – xodim, ishlab chiqaruvchi va tadbirkor sifatida ishtirok etishini taqazo qiladi. [BMT hisoboti 2010].
Маълумот учун:
“Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” loyihasi BMTTD va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qoʼshma loyihasi boʼlib, Rossiya Federatsiyasi hukumati va Yaponiya hukumatining moliyaviy koʼmagida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Andijon, Namangan, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi 34 nafar tadbirkorlarga umumiy qiymati 1 176 940 669 soʼmlik jami 323 dona tikuv va IT asbob-uskuna, mebel va jixozlar topshirildi.
Bexzod Umarov,
“Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” loyihasining
jamoatchilik bilan ishlash boʼyicha assistenti