O‘n ming fuqaroni Rossiyaga ishga jo‘natish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

12.10.2021

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov hamda Rossiya Federatsiyasi qurilish va uy-joy xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari N.Stasishin va Mehnat va bandlik federal xizmati (Rostrud) rahbari M.Ivankov boshchiligidagi Ichki ishlar vazirligi “Pasport-viza xizmati”, Tibbiy-biologik federal agentligi va boshqa vakolatli tashkilotlar vakillari o‘rtasida Moskva shahrida muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralarda qurilish sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 10 ming fuqaroni Rossiya Federatsiyasiga tashkiliy tarzda ishga jo‘natish loyihasini amalga oshirishning dastlabki natijalari muhokama qilindi. Xususan, Rossiya tomoni talabi bo‘yicha hozirgi vaqtda nomzod ro‘yxati shakllantirilyotgani ma’lum qilinib, loyihani amalga oshirish jarayonida tomonlarning vazifalari, ularni bajarish muddatlari, ish beruvchi va mehnat migrantlari o‘rtasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, transport, patent rasmiylashtirish kabi xarajatlar bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etish, ish haqi miqdori kabi masalalar yuzasidan kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha doirasida fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish uchun tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimlari O‘zbekistonga yetib kelgani, endilikda patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik mamlakatimiz hududida amalga oshirilishi ma’lum qilingan edi.