Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazildi

24.03.2021

2021 yil 24 mart kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Milliy komissiya va hududiy komissiyalar a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yig‘ilishda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy ma’ruzachi tomonidan tayyorlangan axborot, Komissiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Xususan, milliy ma’ruzachi tomonidan tayyorlangan axborotda sohada milliy qonunchilikni takomillashtirish borasida olib borilgan ishlar, ko‘rilgan tashkiliy va amaliy choralar, mavjud muammolar hamda ularni hal etish bo‘yicha takliflar aks ettirilgani ta’kidlandi.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida odam savdosi bilan bog‘liq 93 ta jinoyat qayd etilib, ularning 51 tasi shahvoniy foydalanish, 3 tasi mehnatdan foydalanish, 39 tasi chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tashkil etgan.

Majburiy mehnatning oldini olish maqsadida 5 684 ta tashkilot o‘rganilib, majburiy mehnatga yo‘l quygan 106 nafar hamda ish haqlarini o‘z vaqtida bermagan va mehnat sharoitlari yaratmagan 125 nafar mansabdor shaxsga ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Shuningdek, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi bilan ushbu sohadagi munosabatlar tartibga solindi.

Paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish yuzasidan uchinchi tomon monitoringi, Kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan milliy monitoring o‘tkazildi. Senatorlar va deputatlar tomonidan jurnalist va blogerlar jalb etilgan holda parlament nazorati olib borildi.

Monitoringlar natijalariga ko‘ra paxtachilikda bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga to‘liq barham berilganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, migrantlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 50 dan ziyod loyihalar amalga oshirildi.

Rossiyaning Yekaterinburg va Novosibirsk shaharlarida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakolatxonalari tashkil etildi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar qatorida mavjud muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham tanqidiy muhokama qilindi.

Qolaversa, Odam savdosiga qarshi kurashish (Ichki ishlar vazirligi) hamda Majburiy mehnatga qarshi kurashish (Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi) masalalari bo‘yicha kichik komissiyalar va hududiy komissiyalar Andijon, Buxoro va Xorazm viloyatlari) rahbarlarining sohaga oid ma’ruzalari tinglanib, Milliy komissiyaning tegishli hulosa va topshiriqlari berildi.

Jumladan, Majburiy mehnatga qarshi kurashish kichik komissiyasi raisi Nozim Xusanov o‘z ma’ruzasida komissiya faoliyati hamda joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar to‘risida so‘z yuritdi. Bunda, fuqarolarning mehnat huquqlarini har tomonlama himoya qilish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirish, Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan hamkorlikda 2021 yildan boshlab iqtisodiyotning boshqa sohalarida, xususan, ipakchilik, qurilish va umumiy ovqatlanish sohalarida ham mehnat qonunchiligi qoidalariga amal qilinishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash yuzasidan monitoring o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida gapirib o‘tdilar.

Shuningdek, Milliy komissiya tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan “2020 yilda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotda bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)” loyihasi ko‘rib chiqildi, tasdiqlandi va ijro uchun taqdim etildi.