“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy inklyuzivligi: ochiq va barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida” mavzusida onlayn konferensiya o‘tkazildi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy inklyuzivligi: ochiq va barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida” mavzusida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlikning mas'ul shaxslari, xorijiy ekspertlar hamda tegishli tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish va ijtimoiy faolligini yanada oshirish masalalari hamda ularning ijtimoiy moslashuvi bo‘yicha ma’lumotlar, tavsiyalar o‘qib eshittirildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekadi. Bu dunyo aholisining, taxminan, 15% ni tashkil etadi. Surunkali kasalliklarning kuchayishi va qarilik sabab ularning soni tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda ham bunday shaxslar soni kam emas. Ish bilan ta’minlash, jamiyatdagi notenglik muammosi esa har doimgidek dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Hozirda O‘zbekistonda 790 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar rasman ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 62% ga yaqini qishloq joylarda yashovchilar va 45% ga yaqini ayollar tashkil etadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslardan 123,9 ming nafari 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 666,3 ming nafardan ortig‘i 16 yoshdan kattalar hamda 201,7 mingdan ortig‘i pensiya yoshidagilarni tashkil etadi.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning 248,2 ming nafardan ziyodi mehnat faoliyatiga layoqatli, shundan 46,7 ming nafari yoki 18,8% (YAMMT ma’lumoti) doimiy ish o‘rinlari bilan band.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish topish ehtimoli nogironligi bo‘lmagan shaxslarga qaraganda qariyb 4 baravar kamroq. Qishloq joylarda nogironlarning atigi 5,8% ish bilan ta’minlangan bo‘lib, nogironligi bor ayollarning atigi 4,4% ish bilan ta’minlangan.
Bugungi kundagi tahlillarimizga asosan, bizda yana qo‘shimcha ravishda 42 mingdan ortiq Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish imkoniyatlarimiz borligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
- xususiy tadbirkorlik sub’yektlariga ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha (10,8 mln. so‘m) miqdorda subsidiya ajratilishi belgilangan (2021 yilda 1 ta korxonaga 30 ta ish o‘rnini nogironligi bo‘lgan fuqaroga moslashtirgani uchun
224,5 mln.so‘m miqdorda subsidiya ajratildi);
- ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida haq to‘lash joriy etilgan.
Ushbu subsisdiya turidan 2021 yilda 81 ta tashkilotga
209 nafar xodim uchun 993,4 mln.so‘m subsidiya ajratilgan.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57 sonli "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilmoqda.