NAVOIY SHAHRIDAGI KOVORKING MARKAZIDA NAVOIY KASB-HUNARGA O‘QITISH MASKANI TASHKIL ETILDI

30.10.2020

Aholi bandligini ta’minlash bugun har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, pandemiya tufayli keyingi ikki oyda 70 mingga yaqin mehnat muhojiri yurtimizga qaytib keldi. Shuningdek, 421 ming kishi esa deportasiya qilinib, Rossiya Federasiyasiga kirishga taqiq olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Rossiyada 600 ming o‘zbekistonlik hujjatlarsiz ishlamoqda. Shu bois endilikda O‘zbekistonda fuqarolarni xorijga ishlashga jo‘natishdan avval majburiy o‘qitishga qaror qilindi. Bunga davlatimiz rahbarining “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asos bo‘lmoqda.

Navoiy shahridagi Kovorking markazida Navoiy kasb-hunarga o‘qitish maskani tashkil etildi. Mazkur maskan ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochmoqda.

Navoiy kasb-hunarga o‘qitish markazida tikuvchilik, buxgalteriya, kompyuter savodxonligi, qandolatchilik, elektr payvandlovchi, axborot texnologiyalvari, metallgu ishlov berish va boshqa 15 dan ortiq yo‘nalishda kasbga qayta o‘qitiladi. Shuningdek, bu yerda chet elga ishlash istagidagi fuqarolar til o‘rganishlari va xalqaro mehnat munosabatlari xususidagi ma’lumotlardan boxabar bo‘lishlari mumkin.

 

Kasb-hunarga o‘qitish markazining bitiruvchilariga egallagan kasbi bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi davlat namunasidagi diplom taqdim etiladi. Ushbu diplomga ega bo‘lgan fuqarolar mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish tashkilotlarida faoliyat yuritishlari mumkin.

Navoiy kasb-hunarga o‘qitish markazida bugungi kunda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chetga ketish istagini bildirgan fuqarolar shuningdek, band bo‘lmagan ishsiz aholini kasbga o‘qitish maqsadida jami 100 nafar shu jumladan, elektrik yo‘nalishida 20 nafar, payvandlash ishi yo‘nalishida 18 nafar, tokar yo‘nalishida 20 nafar, kompyuter savodxonligi yo‘nalishida 12 nafar, tikuvchilik yo‘nalishida 10 nafar, buxgalteriya yo‘nalishida 10 nafar, tadbirkorlik kurslariga 10 nafar fuqarolar kasbga va rus tillariga o‘qitilmoqda, - deydi Navoiy viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i erkin Avezov. - Ushbu yo‘nalishda o‘qib tugatgan fuqarolar Rossiya davlatiga tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasi yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarda ishlash uchun yuboriladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2020 yil 15 sentyabrdagi PQ-4829-sonli qaroriga muvofiq chetga ketish istagini bildirgan, kasb malakasiga ega bo‘lmagan jami 412 nafar, shundan, Uchquduq tumanidagi 25 nafar, Karmanadagi 15 nafar, Qiziltepadagi 115 nafar, Konimexdagi 17 nafar, Navbahordagi 40 nafar, Nurotadagi 40 nafar hamda Xatirchi tumanidagi 80 nafar fuqarolar hududlardagi kasb-hunar markazlari, maktablari, kollejlar hamda texnikumlarda kasbga va xorijiy tilga o‘qitish ishlari boshlandi.

Shu bilan birgalikda, mehnat bozoridagi talab yuqori bo‘lgan kasblarga Nurota kasb hunarga o‘qitish markazida, Navbahor ko‘p tarmoqli texnikumi va Qiziltepa qurilish kollejida qisqa muddatli kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslari tashkil etildi.

Ushbu markazlarni tamomlagan bitiruvchilarga berilgan o‘qishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilib, egallagan bilimlarni mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi.