Mustaqillik – eng ulug‘ ne'mat!
Mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.
Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida san’atimiz darg‘alari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbir mehnat munosabatlari tizimida xizmat qilayotgan barcha fidoyi insonlar, jumladan hududiy tashkilotlar va markaziy apparatdan ishtirok etgan xodimlar yodida yurtimizning eng buyuk bayrami oldidan unutilmas ma’naviy xotira qoldirdi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan onlayn muloqotda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tizimdagi tashkilotlar san’atimizning taniqli vakillari, O‘zbek Milliy Akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov, O‘zbek Milliy Akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqiy teatri oliy toifali solist-vokalisti, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Turg‘un Beknazarov hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri opera solisti Xislatbek Komilovlarning diltortar kuy-qo‘shiqlari, chiqishlari tadbir ishtirokchilariga bayramona ruh, xush kayfiyat ulashdi.
Mustaqilligimiz va istiqlolimiz islohotlari sifatida respublikamizda yirik ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha ob’yektlari qurilib, foydalanishga topshirilayotgani xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilyapti.
“Mamlakatimizdagi bunyodkorlik, jo‘shqinlikning asosiy sababi, eng avvalo, mustaqillik bergan huquq va erkinlik hamda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar samarasidir, shu jumladan mehnat sohasida ham”, – deydi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari Bahodir Umurzakov.
Shu munosabat bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasining 29 yillik to‘yi, Mustaqillik bayrami bilan Siz aziz yurtdoshlarimizni samimiy qutlaydi. Istiqlol nashidasi, bayram sururi har biringizni yaxshi niyatlar, ezguliklar sari undayversin. Xonadoningizdan qut-baraka, qalbingizdan quvonch, yuzingizdan tabassum hech qachon arimasin. Xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan ishlaringizga ijodiy barkamollik tilaymiz.