Moskva hukumati vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

16.04.2021

Avval xabar berilganidek, ayni kunlarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining yashash va ish sharoitlarini o‘rganish maqsadida Moskva shahrida bo‘lib turibdi.

Safar doirasida Moskva hukumati vaziri, Moskva shahar iqtisodiy siyosat va rivojlantirish departamenti rahbari K.Purtov bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda delegatsiyaning safar doirasida tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilingan O‘zbekiston fuqarolarining muammolarini o‘rganish hamda mamlakatimizda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni kasbga va rus tiliga o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, migrantlarning turli “vositachilar” xizmatlaridan foydalanish holatlarini oldini olish, ularni xorijga ishga jalb qilish jarayonida duch kelayotgan muammolar, Moskva shahrida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining qonuniy ishlash masalalari muhokama qilindi.

Ishchi guruh vakillari vazirlikka xorijiy fuqarolarni ishga jalb qilish masalasida murojaat qilgan ish beruvchi tashkilotlar bilan uchrashuv tashkil etish va ushbu uchrashuvda hamkorlik masalalarini muhokama etish taklifini berdi.

Uchrashuv yakunida Moskva hukumati vazirligi delegatsiyasi yuqoridagi muhim masalalarni muhokama qilish va aniq kelishuvlarga erishish uchun O‘zbekistonga taklif qilindi.