Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov maktab qurilishida jamoatchilik asosida ishlayotgan quruvchilar bilan uchrashdi
Karantin va cheklov tadbirlari davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan ish beruvchilar ham rag‘batlantirilyapti. Karantin choralari amal qilish davrida jamoat ishlariga jalb qilinayotgan fuqarolarning ish haqi, ish beruvchining idoraviy bo‘ysunuvi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat'i nazar, to‘liq (100 foiz) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berilyapti.
Ish beruvchilarni mazkur qulayliklar bilan tanishtirish, ular haqida ma'lumot berish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri, Qamashi, Kitob hamda Qarshi tumanlari hududida olib borilayotgan qurilish ob'ektlari, ishlab chiqarish korxonalarida bo‘ldi.
N.Husanov Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Qorabog‘ MFY hududidagi Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan 120 o‘rinli 28-umumta'lim maktabi qurilishida jamoatchilik asosida ishlayotgan quruvchilar bilan uchrashdi.
Maktab qurilishiga 20 nafar vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan, koronavirus pandemiyasi davrida chetga ishlash uchun keta olmagan mehnat migrantlari ishlayapti. Ular qurilish ishlariga 2020-yilning 5-aprel kunidan jalb etilgan. Quruvchilarga ish haqi Jamoat ishlari jamg‘armasidan tomonidan to‘lab berilyapti.
Navbatdagi manzil Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani bo‘ldi. Tumanning “Xalqlar do‘stligi” MFY joylashgan Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilishida mehnat qilayotgan quruvchilar bilan uchrashdi. Qurilish ishlariga ishsiz, band bo‘lmagan fuqarolarni mavsumiy jamoatchilik asosida qo‘shimcha jalb etilsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan har bir ishchiga 751 ming so‘mdan to‘lab berilishi yuzasidan ma'lumot berdi.
Shuningdek, vazir Qarshi shahrida pilla tolasi yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi “RADIANT SILK” MChJda bo‘ldi. Ayni damda korxonada 210 nafar ishchi ishlaydi. Korxona ish faoliyatini kengaytirayotgani sabab qo‘shimcha ishchi kuchini jamoatchilik asosida ishga qabul qilmoqchi. Mehnat vaziri bu borada hozirda qulay imkoniyatlar yaratilgani, ular asosida ishchi va ish beruvchiga birdek qulaylik yaratilishini ta'kidladi.
Vazir qurilish ishlari, ipakchilik ishlarini tashkil etishda ishsiz, band bo‘lmagan fuqarolar mavsumiy jamoatchilik asosida qo‘shimcha jalb etilsa, ularning ish haqi Mehnat vazirligi huzuridagi jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilishi xususida ma'lumot berdi.