MIGRANTLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH MASALALARIGA BAGʻISHLANGAN DAVRA SUHBATI
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda davra suhbati o‘tkazildi. Unda chet elda mehnat qilayotgan migrantlarni, ayniqsa yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mehnat migrasiyasi global rivojlanishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi, shu bilan birga xalqaro nuqtai nazaridan jiddiy masala hamdir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 50 yil ichida o‘z mamlakatidan tashqarida yashovchi odamlar soni 3 barobar oshgan.
O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishlardagi munosabatlarni tartibga solish, mavjud muammolarni hal qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, chet elda bo‘lib turgan xotin-qizlarni, umuman mehnat migrantlarning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga muhim masala sifatida qaralmoqda.
Ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tegishli tuzilmalar tomonidan ham faol ish olib borilyapti. Jumladan, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan COVID-19 tarqalishi sababli xorijda qiyin moliyaviy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha Agentlikning birgamiz.com elektron platformasiga kelib tushgan mehnat migrantlarining murojaatlari o‘rganildi. Ularning 753 nafariga qonunda belgilangan tartibda xalqaro pul o‘tkazma tizimi orqali tegishli miqdorda moddiy yordam yo‘naltirildi. Vakolatxonalar aralashuvi bilan mehnat migrantlarining ish beruvchilardan undirilmagan 378,0 ming AQSH dollari miqdorida ish haqlari undirib berildi.
Shuningdek, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida ayol migrantlarning muammolarini hal qilishda yaqindan yordam berilmoqda. Joylarda migrasiyadan qaytgan ayollar bilan alohida ishlash tizimi mahalliy Kengashlar bilan birgalikda monitoring qilinishi ta’minlangan. Ayniqsa “temir daftar” va “ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimiz bilan olib borilayotgan ishlar ustidan parlament nazorati o‘rnatilmoqda. Qolaversa, muammoga mutasaddilar va keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Davra suhbatida mazkur yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirishga oid muhim masalalar muhokama qilindi. Bu borada turli takliflar ilgari surildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati