Mehribonlik uyi bitiruvchilari “Ishga marhamat” monomarkazida

09.09.2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining tegishli topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida kuni kecha Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyining 25 nafar bitiruvchilari “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishtirildi.

Bitiruvchilar bevosita amaliy dars jarayonlarida ishtirok etib, soha mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob, shu bilan bir qatorda, ishchi kasblar bo‘yicha o‘tkaziladigan an’anaviy “WorldSkills Uzbekistan” chempionati haqida ham batafsil ma’lumot olishdi. Tanishuv davomida monomarkaz va 32-Mehribonlik uyi o‘rtasida maskan tarbiyalanuvchilari bilan doimiy tarzda kasbga yo‘naltirish soatlari (proforiyentatsiya)ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida, monomarkazda ishsizlar 24 ta kasb: 10 ta xizmat ko‘rsatish, 6 ta texnik, 3 ta qishloq xo‘jaligi, 2 ta qurilish va 2 ta raqamli texnologiya sohasidagi kasblar, bundan tashqari, 4 ta xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitiladi. Kasblarning murakkablik darajasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturlariga muvofiq o‘quvchilar 2 oydan 4 oygacha o‘qitiladi.