Mehnat sohasi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumaniga taklif etamiz!

31.05.2019

2019-yil 3-iyun kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev ishtrokida “O‘zbekistonda mehnat sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va natijalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.

Anjumanda O‘zbekiston mehnat bozorini isloh etish bo‘yicha so‘nggi ikki yil ichida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida uchta asosiy yo‘nalish kesimida axborot beriladi.

Birinchi yo‘nalish – bu bevosita aholi bandligini ta'minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan bog‘liq. Birgina joriy yilning to‘rt oyi davomida mehnat organlariga murojaat qilgan aholi soni 1,5 baravar, 179 mingdan 239,4 minggacha, ishga joylashtirilgan aholi soni 1,2 baravar, 77 mingdan 93 minggacha oshgan.

Shuningdek, 70,9 ming nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga jalb qilingan va bunga Jamoat ishlari jamg‘armasidan 55 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan. Bundan tashqari, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturlari doirasida 16,5 mingdan ortiq aholini tadbirkorlikka jalb etish orqali ularning bandligi ta'minlandi.

Bu yildan boshlab ilk bor yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha Prezident qarori bilan davlat buyurtmasi mexanizmi tasdiqlandi. Unga ko‘ra 2019-yilda 370 ming yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi va 182 ming aholi vaqtinchalik ish o‘rinlariga jalb qilinishi belgilangan. Joriy yilning to‘rt oyi mobaynida respublika bo‘yicha 68 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan (prognozga nisbatan – 127,7%).

Ikkinchi muhim yo‘nalish – kasbga o‘qitish va tayyorlash hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019-yil 13-mayda qabul qilingan “Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaror bilan vazirlik huzuridagi ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish hamda davlat-xususiy sherikchilik asoslarida kasbiy baholash markazlarini, kasbiy standartlarni ishlab chiqishni muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi va tarmoq kengashlarini tashkil etish, shuningdek, mamlakatimizni World Skills International uyushmasiga a'zo bo‘lishi bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

Uchinchi yo‘nalish – mehnat migratsiyasi. Alohida ta'kidlash joizki, 2018-yil 16-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonuni tashqi mehnat  migratsiyasi faoliyati monopoliyasiga barham berib, xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga aholini ish bilan ta'minlash xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan, xorijga ishga yuborish vakolatlarini berdi. Bugungi kungacha 81 ta yuridik shaxs Xususiy bandlik agentligi (XBA) sifatida reestrda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 60 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish huquqini beruvchi litsenziya olgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan XBA faoliyatini takomillashtirish hamda ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida bir qancha chet el davlatlarida Vazirlik tomonidan xalqaro mehnat forumlari tashkillashtirildi. Mazkur tadbirlar orqali Xususiy bandlik agentliklari Rossiya, BAA, Yaponiya rekruting kompaniyalari bilan mehnat migrantlarini ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida Rossiyada Moskva mehnat forumi, Yaponiyaning Tokio shahrida o‘zbek-yapon mehnat forumi hamda Toshkentda Birlashgan Arab Amirliklari Mehnat resurslari vaziri ishtrokida forum amalga oshirildi va xususiy bandlik agentliklari uchun hamkorlik platformalari yaratib berildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tkaziladigan matbuot anjumanida mehnat sohasidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari xususida fikr yuritiladi. Shuningdek, mavzu doirasida OAV vakillari bilan savol-javoblar o‘tkaziladi.

Anjumanda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri boshchiligidagi vazirlik mas'ullari ishtrok etadi.

Mazkur matbuot anjumaniga barcha OAV vakillarini taklif etamiz.