“Mehnat migratsiyasi va ishchizlik haqida” maqolasiga raddiya
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi joriy yilning noyabr oyida “Anhor.uz” internet nashrida e'lon qilingan “Mehnat migratsiyasi va ishsizlik haqida” nomli maqolani diqqat bilan o‘rganib chiqdi.
Avvalo shuni ta'kidlash joizki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamoatchilik va ekspertlarning, elektron OAVning aholi bandligini ta'minlash bilan bog‘liq muammolarga e'tibor qaratayotganini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va yuqori baholaydi.
Shubhasiz, maqolada ko‘tarilgan ishsizlik va mehnat migratsiyasi masalalari yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va unda amalga oshirilayotgan islohotlar kun tartibidagi eng muhim va dolzarb vazifalardan hisoblanadi. E'tiborli jihati, 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ham, avvalo, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirishga qaratilgan ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Butunjahon banki, Jahon valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki singari nufuzli tashkilotlar, ekspertlar va akademik uyushmalar, shuningdek, ko‘plab yurtdoshlarimiz tomonidan e'tirof etilmoqda.
Iqtisodiyotning deyarli har bir sohasida mahalliy korxonalar samaradorligini oshirish, tadbirkorlik va investitsion faollikni rag‘batlantirish, valyuta va kapital bozorini, soliq va byudjet siyosatini, monetar siyosat va bank sektorini, energiya tashuvchilarga baho belgilashni liberallashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa naqd pulli tovarlarga yo‘naltirilgan tizimli jiddiy jarayonlar kechmoqda.
Ushbu tarkibiy o‘zgarishlar qator tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotgan va amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida hal etilishi kerak bo‘lgan aholi bandligini ta'minlash va mehnat migratsiyasi sohalariga, shubhasiz, kuchli ta'sir ko‘rsatadi. Bu, birinchi navbatda, mehnat bozoriga ta'sir o‘tkazadigan yuqori demografik bosim, tashqi mehnat migratsiyasining katta oqimi, mehnat faoliyatidagi samaradorlik va kadrlarning kasbiy malaka darajasi yetishmasligi bilan bog‘liqdir.
Tarkibiy jiddiy o‘zgarishlarning bir zumda amalga oshishi va tizimli muammolarning oddiy yo‘l bilan yechim topishini ko‘zlash o‘ta soddalik bo‘lar edi.
Shunga qaramay, maqolada qator omillar va dalillar keltirilganki, ularga qo‘shilish qiyin.
Birinchidan, bu mehnat bozori, bandlik va ishsizlik statistikasi bilan bog‘liq.
Ushbu masala haqiqatan dolzarb sanalib, rostdan ham muallif ta'kidlaganidek, mehnat bozori, bandlik va ishsizlik haqidagi ma'lumotlarning to‘g‘riligi ko‘p yillar davomida qator sabablarga ko‘ra shubha ostida bo‘lib kelgan. Biroq bu holat ayni vaqtda tubdan o‘zgardi.
2017-yilning dekabr oyida Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalarini inobatga olgan holda ishga muhtoj aholi sonini aniqlash metodikasini takomillashtirish bo‘yicha Hukumatning maxsus qarori qabul qilindi.
Shunday qilib ishsizlik ko‘rsatkichining 2017-yildagi 5,8 foizdan 2018-yilda 9,3 foizga ortishi, bu mutlaqo ishsizlar soni ortganidan emas, balki ishsizlikni hiosoblashning yanada ishonchliroq metodologiyasi joriy etilgani natijasidir.
Ishonchsiz ma'lumotlarga tayangan holda muallif tomonidan 2018-2019-yillarda mamlakatda ishsizlik darajasi ortgani ta'kidlanmoqda, vaholanki, aslida 2018-yilning boshida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilning 9 oyligi yakunida 9 foizga, 2019-yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra esa ishsizlik darajasi 8,9 foizgacha pasaygan.
Mazkur jarayonlar hali mehnat bozoriga har yili 600 mingdan ortiq kishining kirib kelishi bilan bog‘liq yuqori demografik bosim sharoitlarida shunday ko‘rsatkichni qayd etmoqda.
Milliy bandlik dasturining amaliyotga tatbiq etilishi natijasida joriy yilning 9 oyi davomida 266,3 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi, vaqtinchalik ishlarda 119,8 ming nafar fuqaroning bandligi ta'minlandi. Istiqlolga erishilgandan buyon bu yil ilk marotaba rasmiy iqtisodiyot sektorida band bo‘lganlar sonining ortishi kuzatildi, mazkur ko‘rsatkich 307,9 ming (101,7 foiz)ni tashkil etib, 5691,2 ming kishiga yetdi. Bu, o‘z navbatida, ish o‘rinlarini legallashtirish bo‘yicha olib borilgan faol chora-tadbirlar va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish natijasidir.
Bundan tashqari, uzoq yillardan beri birinchi marta ixtiyoriy band bo‘lmagan shaxslar sonining 205,0 ming kishi (27,9 foiz)ga qisqarishi hisobiga iqtisodiy nofaol aholi sonining 4 039,6 ming kishiga kamayganligi kuzatilmoqdaki, bu aholining mehnat va tadbirkorlik faolligi ortganligidan dalolatdir.
Bandlik ko‘rsatkichining ortishida mehnat solig‘ini kamaytirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Buning natijasida aksariyati kichik tadbirkorlikda band bo‘lgan 664 ming kishi legallashtirildi. Nazarimizda, ushbu raqamlar maqolada ta'kidlanganidek, kichik va o‘rta biznesning pasayganligidan dalolat bermaydi.
Ikkinchidan, “yetarlicha tajribaga ega bo‘lmagan” ishchi kuchining shakllanish sabablari haqidagi muallif fikrlari bahslidir. Muallifning yozishicha, “biznes egalari” ana shunday toifadagilarni ishga qabul qilishga majbur va ularni o‘qitish uchun katta mablag‘lar sarflaydi.
Tan olish kerak, ishchi kuchimiz o‘rtasidagi inson kapitali darajasi, yoshlarning kasbiy bilim va malaka sifatlarida hali kamchiliklarimiz bor. Buning oqibatida mehnat unumdorligimiz ko‘rsatkichi pastligicha va aholi jon boshiga YaIM darajasiga o‘xshash davlatlar bilan qiyoslaganda ishlab chiqarish sanoatida o‘rtacha 16 foizga ortda qolmoqda.
O‘tgan o‘n yilliklardan meros qolgan muammolar, xususan, kasb-hunar kollejlari tizimining past samaradorligi, avval boshdan istiqbolli bo‘lmagan faoliyat modeli, yoshlarning jamiyatda nohaq ravishda nufuzi tushirilgan ishchi kasblar bo‘yicha haqiqiy malakasini rivojlantirishga yetarlicha e'tibor qaratilmagani bilan bog‘liq sabablar haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin.
Biroq O‘zbekistonda inson kapitali sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlarni inkor etib bo‘lmaydi. Bu borada maktabgacha va umumiy o‘rta ta'lim sohasidagi davlat-xususiy sherikchilik modellarini, oliy ma'lumotli yoshlar qamrovining tubdan kengayganligi, mamlakatda, ayniqsa, hududlarda ochilgan xorijiy oliy ta'lim muassasalari, ta'lim muassasalari moddiy-texnik bazasining mustahkamlangani, pedagog kadrlarni moddiy rag‘batlantirish yaxshilangani va boshqa ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
Ishsiz va band bo‘lmagan shaxslarni kasbga o‘qitish va malakasini oshirishga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yo‘nalishda ham Mehnat vazirligi tomonidan tizimli va maqsadli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Sir emaski, texnologiyalar rivojlanishi iqtisodiyotdagi mashaqqatli sohalar rolini tobora kamaytirib, inson mehnatini avtomatlashtirilgan tizimlar bilan almashtirmoqda, ishchilar o‘rnining qisqarishi va ishdan bo‘shashiga olib keladi, bu esa ularni qayta o‘qitish va qayta ishga joylashtirish yoki ularga o‘z-o‘zini unumli band qilish imkoniyatini berish zaruratini uyg‘otadi.
Aynan shu sababga ko‘ra 30 dan ortiq mutaxassisliklarga ega ishsiz va band bo‘lmagan shaxslarni kasbga o‘qitish markazlarini tashkillashtirish uchun Mehnat vazirligiga 30ta kasb-hunar kolleji berildi.
Ushbu markazlarda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan payvandlovchi, kran va ekskavatorlar operatori, mexanizatorlar, tokar, frezerchilar, alyumin profillar va gipsokartonlarni o‘rnatuvchi, moda dizaynerlari, mehmonxona xizmati mutaxassislari, battlerlar, neyl-stilistlar, imkoniyati cheklanganlar va qariyalarni parvarishlovchilar, kasmetologlar, buxgalterlar singari mutaxassisliklar, shuningdek, 6 ta xorijiy til bo‘yicha o‘qitiladi. 2019-yilning 9 oyi davomida 30,6 dan ortiq ishsizlar kasbiy ta'lim olishdi, ushbu ko‘rsatkich 2018-yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko‘pdir.
Ayni paytda Mehnat vazirligi ishga qabul qilingan band bo‘lmagan shaxslar, ayniqsa, yoshlar va ayollarning kasbga o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun ish beruvchilarga subsidiya taqdim etish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani amalga oshirmoqda. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ishga joylashtirgan ish beruvchilarga ham subsidiyalar berilmoqda.
Bundan tashqari, Mehnat vazirligi tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan ishsizlarga, shuningdek, shaxsiy tomorqalarini rivojlantirayotganlarga subsidiyalar taqdim etilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 9 oyi davomida Mehnat vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan 9,1 mlrd. so‘m miqdorida subsidiyalar ajratildi, 10 ming nafar kishi ishga joylashtirldi.
Shu bilan birga, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 135 mlrd. so‘m miqdordagi imtiyozli kreditlar taqdim etildi. Mehnat organlari tomonidan 8,5 ming nafar o‘z-o‘zini band qilgan shaxslarga ularning mehnat stajlarini hisoblash va pensiya huquqini taqdim etish uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berildi.
Uchinchidan, maqolada mehnat migratsiyasi ko‘lami va uni tartiblash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar noxolis baholangan.
Xususan, O‘zbekiston tashkiliy mehnat migratsiyasini rivojlantirish sohasida kerakli va noyob tajribaga ega.
Mamlakat tarixida birinchi marta Prezident qarori bilan 2018-yilda Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etilib, unga Davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratilgan.
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan shu yilning o‘zidayoq 23 mingdan ortiq fuqarolarga yordam ko‘rsatilib, xorijda qiyin ahvolda qolgan mehnat migrantlarini Vatanga qaytarish, ularga yuridik yordam berish, shu jumladan, noinsof ish beruvchilar tomonidan to‘lanmagan ish haqlarini undirish, bo‘sh ish o‘rinlarini topish, shuningdek, mehnat migratsiyasi davrida vafot etgan fuqarolar jasadini olib kelish bilan bog‘liq ishlar amalga oshirildi.
Fuqarolarimiz huquqini xorijda himoya qilish maqsadida mamlakat tarixida birinchi marta O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari shatat jadvallariga mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi kiritilmoqda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijiy vakolatxonalari tashkil etilmoqda.
O‘tgan yilning aprelidan boshlab vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarning transport xarajatlarini subsidiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli dastur joriy qilindi va bugungi kunga qadar bundan 210 ming nafar fuqaro foydalandi.
Prezident qarori bilan joriy yilning avgustida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketadigan fuqarolar uchun xorijdagi xarajatlarni to‘lashga imtiyozli kredit olish, hayot va sog‘liq xavfini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta polisi to‘lovi bilan bog‘liq xarajatlarni subsidiyalash, shuningdek, yashash joyga ega bo‘lish uchun imtiyozli ipoteka kreditini berish imkoniyati taqdim etildi.
Ehtimol, muallif yuqorida ta'kidlangan ma'lumotlar va mehnat migratsiyasi hajmiga taalluqli haqqoniy raqamlardan bexabar bo‘lgandir.
Xususan, maqolada keltirilishicha, berilgan turli baholarga ko‘ra O‘zbekistonda 5,5-6,0 mln. ishga layoqatli aholi doimiy ravishda mehnat migratsiyasida bo‘lib kelmoqda.
Aslida esa Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazining respublikaning 108 ta tuman va shaharlarida har chorakda o‘tkaziladigan aholi tekshiruvlariga asosan 2019-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra mehnat migrantlari soni 2594,1 ming (2,6 mln.) kishini tashkil etgan.
Ko‘rsatilgan raqamlar, umuman olganda, O‘zbekistondan mehnat migrantlarini jalb qiluvchi Rossiya, Qozog‘iston, Koreya, Turkiya singari davlatlarning migratsiya organlari ma'lumotlari bilan tasdiqlangan. Masalan, Rossiyada bu ko‘rsatkich maqolada ko‘rsatilganidek, 3,2-3,3 mln. emas, balki 2 mln.dan ortiq kishini tashkil etadi.
Maqolaning keyingi o‘rinlarida aholining 40 foizga yaqini doimiy ravishda davlatdan tashqarida ish yoki daromad manbayini qidiradi, haqiqatda esa bu raqam 7,8 foizga teng. Muallif mehnat migratsiyasining keskin ortganligini ta'kidlagan, aslida esa o‘tgan yil bilan qiyoslaganda joriy yilning 9 oyi mobaynida bu raqamlar deyarli o‘zgarmagan (2593,7 ming kishiga 2594,1 ming kishi)