Mehnat migratsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya uchrashuvi tashkil etildi

27.04.2020

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamentining mudiri K.Rashidov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov va Rossiya Federatsiyasi mehnat va bandlik federal xizmati rahbari M.Ivankovlarning uchrashuvi o‘tkazildi.

Videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan uchrashuvda koronavirus pandemiyasi sharoitida ikki davlat mehnat bozoridagi vaziyat, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining bugungi holati va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama etildi.

Uchrashuvda ma'lumot berildiki, hukumatlararo olib borilgan muzokaralar natijasida koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan mehnat migrantlari uchun qator imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, patentlarning amal qilish muddati 2020-yil 15-iyungacha uzaytirildi va ish beruvchilarga fuqarolarni patentsiz ishga jalb qilish huquqi berildi.

Shuningdek, pandemiya sababli korxona va tashkilotlar tomonidan xodimlar mehnat ta'tiliga chiqarilganda mehnat migrantlarining ham Rossiya fuqarolari kabi ishsizlik nafaqasini olishi ko‘zda tutilgan.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida Rossiyada vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni iqtisodiyot tarmoqlari nisbatan kam zarar ko‘rayotgan boshqa o‘lkalarda ish topishga ko‘maklashish, xususan aniqlagan bir millionga yaqin ish o‘rinlariga jalb qilish masalasi ham muhokama etildi.

Muzokaralar davomida pandemiyadan keyin mehnat bozorini tiklash, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini xavfsiz, tartibli va manzilli ish bilan ta'minlash bo‘yicha takliflar bildirildi.