“Mehnat faoliyati sohasi kelajagiga doir yangi portfolio” loyihasi ishlab chiqiladi

22.06.2021

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Mehnat faoliyati sohasi kelajagiga doir yangi portfolio” loyihasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda vazirning birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doina Muntyanu va xalqaro konsultant Rikardo Pinto ishtirok etdi.

Yig‘ilishda “Farg‘ona vodiysi aholisi malakasining pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga moslashuvi” hamda “Yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihalari, malaka oshirish hamda yashil iqtisodiyot sohasi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi. 

Shuningdek, vazirning birinchi o'rinbosari Erkin Muhitdinov aholi bandligi borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar natijasida ishsizlik darajasini 2021 yil yakunida 10,5 foizga, 2025 yilda 8,5 foiz va 2030 yilda 7 foizga tushirishga erishish belgilanganligini qo‘shimcha qildi.

Muhokama yakunida o‘rta va qisqa muddatli (5 yilgacha) davr uchun "Mehnat faoliyati sohasi kelajagiga doir yangi portfolio" loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, tomonlar o‘rtasida kelgusida hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarilishiga kelishildi.