Mavjuda Mirzayeva: “Biz Rossiyaga qullarni jo‘natmayapmiz, yaxshi ishlarni beruvchilar bilan shartnoma qilyapmiz”
Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga qurilish sohasida 10 mingta ish o‘rni taklif etilgandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva 8-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ma’lumot berdi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirishga jalb qilish bo‘yicha pilot loyihasi doirasida kasbiy tanlov o‘tkazilmoqda.
“Agar qonuniy yo‘l bilan ishlash uchun ketgan bo‘lsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har doim ularning huquqini hamma joyda himoya qila olamiz. Agar noqonuniy, aylanma yo‘llar bilan ketib, hujjatsiz faoliyat yuritadigan bo‘lsa, bizning vazirlik hech qanday yordam bera olmaydi, afsuski. Biz qullarni jo‘natmayapmiz. Yaxshi ishlarni beruvchilar bilan shartnoma qilyapmiz va shu asosida fuqarolarimiz qanday sharoitda, qanday oylik olishi doimiy ravishda nazorat qilib boriladi”, — deydi Mavjuda Mirzayeva.