MASOFAVIY ISHLASH AHOLI BANDLIGINING ZAMONAVIY FORMATI

20.10.2023

Koronavirus infeksiyasining (COVID-19) tarqalishi bilan bog‘liq qiyinchiliklar va karantin vaqtida joriy etilgan cheklovlar, bir tomondan, milliy iqtisodiyotga, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesga zarar keltirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zaro aloqalarning masofaviy shakllarini joriy qilish va rivojlantirishga turtki bo‘ldi.

Agar bir necha yil oldin “masofadan ishlash” tushunchasi asosan frilanser (inglizcha freelance – erkin yollanma ishchi), yarim kunlik ish ma’nosida qo‘llanilgan bo‘lsa, bugungi kunda biz ilgari tashkilotda to‘liq vaqtda ishlagan mutaxassislarning masofaviy ishlashga o‘tkazilayotganligi haqida ko‘proq eshitmoqdamiz.

"Masofadan ishlash" (inglizcha, Remote work, telework) atamasi aniq ilmiy ta’rifga ega emas. Uning asosiy sinonimlari ko‘pincha quyidagilarni o‘z ichiga oladi: masofaviy ishlash, onlayn ishlash va masofaviy bandlik.

Mamlakatning mehnatga layoqatli aholisining salmoqli qismi uchun davlat, xususiy va nodavlat sektorda ishlash asosiy faoliyat turi bo‘lganligi sababli, mehnat munosabatlari sohasida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar boshqa ijtimoiy tuzilmalar va munosabatlarga ta’sir qilish uchun katta imkoniyatlarga ega.

Masofaviy ish fenomenini sotsiologik tahlil qilish mehnat bozorining o‘zgarishini tushuntirish va jamiyatdagi tendensiyalarni tavsiflash imkonini beradi. Chunki bandlik shakllarining o‘zgarishi ijtimoiy-kasbiy tuzilmalar, kommunikativ amaliyot va kundalik munosabatlar hamda insonning umuman ishga munosabatida o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Zamonaviy dunyoda texnologiyaning rivojlanishi bilan mehnat dunyosida bandlikning yangi masofaviy ko‘rinishi shakllandi. Pandemiya bilan bog‘liq og‘ir global vaziyat mehnat bozori formatiga katta ta’sir ko‘rsatdi va mavjud me’yoriy-huquqiy hujjatlarning beqaror hamda himoyalanmagan sohalarini ochib berdi. Mehnat bozoridagi tartibsizliklar masofadan ishlash choralarini o‘zgartirish zaruriyatini keltirib chiqardi.

Qo‘shma Shtatlarda masofadan ishlovchi fuqarolarning ulushi 37 foiz, Yevropa Ittifoqida esa 17 foiz tashkil qiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda mehnat bozorida masofaviy ish formatini yo‘qotish jarayoni kuzatilmoqda. Bu ish jarayoni ustidan nazoratning yo‘qligi, mehnat va dam olish tartibiga rioya qilmaslik ehtimoli, ish tezligining pastligi, shuningdek, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarmasligi bilan izohlanadi.

Bunday sabablar ko‘pincha xodim va ish beruvchi o‘rtasida ziddiyatli vaziyatlarga olib keladi.

Mehnatning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqroq tushunish uchun uyda ish bilan ta’minlashning asosiy shakllarini (onlayn: masofadan turib, uyda), aralash (bir necha kun uyda, bir necha kun tashkilotda)) aniqlash kerak.

Mehnat bozorida tomonlar o‘rtasida mehnat shartnomasini tuzishda ham bularni inobatga olish zarurdir.

Ommaviy axborot vositalari va blogosferani tahlil qilish bizga pandemiya davrida masofaviy ishlash amaliyoti dolzarb bo‘lib qolganligi, ammo aksariyat hollarda bu faoliyat vaqtinchalik, bevosita tibbiy cheklovlar bilan bog‘liq degan xulosaga kelishimizga olib keladi.

2020-2021-yillar monitoringi natijalari OAVda ish bilan ta’minlashning masofaviy shakllari bilan bog‘liq mavzulardagi xabarlarni keskin o‘sganligini ko‘rsatdi. Masofaviy ishlash to‘g‘risida yoritilgan axborotlarni to‘rtta shartli guruhga bo‘lish mumkin:

1) Eng katta guruh – turli tashkilot va korxonalar xodimlarining bir qismini vaqtinchalik masofaviy ishga o‘tishi, masofaviy ish o‘rinlarini tashkil etish to‘g‘risidagi xabarlar tashkil etadi;

2) Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni joriy etish va masofaviy ishchilarning o‘rtacha ish haqini 10-15 foizga oshirish to‘g‘risidagi hisobotlar;

3) Hududiy va davlat muassasalarining masofaviy rejimdagi faoliyati samaradorligi to‘g‘risidagi hisobotlar;

4) Eng kichik guruh masofaviy ish uchun yuqori malakali mutaxassislarni izlash mavzusidagi xabarlarni qamrab oladi, aksariyat hollarda ular axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni qidiradilar.

 

Ta’kidlash joizki, masofaviy bandlik mavzusidagi nashrlarning ko‘payishi ko‘p hollarda hududiy mehnat bozorlaridagi pandemiya bilan bog‘liq vaziyat, ishchilarni vaqtincha masofaviy ishlashga o‘tkazish, bandlikka ko‘maklashish markazlaridan mutaxassislarga masofaviy yordam ko‘rsatish, pandemiya davrida ishsiz qolganlar, ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari bilan bevosita bog‘liqdir.
Masofaviy ish bo‘yicha empirik ma’lumotlarning yetishmasligi ushbu hodisani sosiologik tahlil qilish, jumladan sifatiy va miqdoriy metodlar orqali o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.
Internet-mediadagi ma’lumotlarni tahlil qilgan holda, masofaviy ish paytida xodimning ish yuklamasini bir muncha yengillashtiruvchi sifatlarni ta’kidlab o‘tamiz:

– vaqtni boshqarish ko‘nikmalarini egallash;
– diqqatni qo‘yilgan vazifaga qaratish;
– ish joyini to‘g‘ri va qulay tashkil qilish;
– tashqi yordamga suyanmasdan, mustaqil ravishda ish bilan shug‘ullanish;
– yolg‘iz ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish. 

Маълумот учун: Tarixda birinchi marotaba “frilanser” atamasi Valter Skottning “Ayvengo” romanida “o‘rta asr yollanma jangchisi”ga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lsa, bugungi kunda frilanserlar asosan norasmiy ravishda faoliyat yuritadi va xaridorlarni o‘zlari izlab topadi yoki buyurtmachilar taklifiga ko‘ra ish qiladi.

Dunyoda bu sohaga talab yil sayin ortib bormoqda. Bunga sabab mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalarni qo‘llash asosida amalga oshirish tizimi ommalashib borayotganida. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda jahonda 1 milliarddan ortiq frilanser faoliyat olib boradi. Ularning 86 foizi o‘z uyida turib ishlaydi. 60 foizdan ortig‘i ikki yoki uchta sohaga ixtisoslashgan. Ahamiyatlisi, mavjud frilanserlarning 35 foizini ayollar tashkil qilmoqda.

Shuxrat NAVRO‘ZOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 
mas’ul xodimi.