MAJBURIY MEHNATGA YO‘L QO‘YMASLIK BORASIDA TIZIMLI ISHLAR DAVOM ETMOQDA

25.09.2021

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirdi. Paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada aholining xabardorligini oshirish, shuningdek, targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan bir qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, barcha hududlardagi aholi gavjum joylarda majburiy mehnatning oldini olish borasida Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorlikda ishlab chiqilgan 800 dan ortiq banner o‘rnatildi, 800 mingdan ortiq flayerlar va 10 mingta plakatlar tarqatildi.

Shuningdek, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada aholining xabardorligini oshirish maqsadida 11 757 ta targ‘ibot tadbirlari, shundan, fermer xo‘jaliklari va klasterlarda 3764 ta, ta’lim muassasalarida 2 404 ta, sog‘liqni saqlash tizimida 1 078 ta, sahallalarda 2 135 ta hamda boshqa tashkilotlar va aholi o‘rtasida 2 376ta tushuntirish ishlari olib borilib, unda 162 595 nafar fuqarolar ishtirok etdi.

Bundan tashqari, Ommaviy axborot vositalarida, televideniya va radiokanalarda 1 410 marta chiqishlar tashkillashtirildi. 2021 yilgi paxta yig‘im-terimi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan qat’iy nazoratni ta’minlash maqsadida har bir hudud bo‘yicha senatorlar, Qonunchilik palatasi deputatlari va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan alohida ishchi guruhlari shakllantirilib, hududlarda o‘rganishlar olib borilmoqda.

Vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tajribali xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhlar tomonidan hududlarda bugungi kunga qadar 4 619 ta monitoring tadbirlari o‘tkazildi. Vazirlikning ishonch raqamlari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali paxta mavsumida davomida kelib tushgan 16 ta murojaat o‘rganib chiqilib, 4 ta holatda terimchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratilmaganligi hamda terim pullari o‘z vaqtida berilmaganligi holati bo‘yicha fermer xo‘jaliklari rahbarlariga Yozma ko‘rsatmalar berildi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lsangiz Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamiga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 71-200-06-00 Ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga va “mehnathuquqbot” telegram messenjeri orqali o‘zingizning buzilgan mehnat huquqlaringizni tiklash uchun murojaat qiling.

Eslatib o‘tamiz, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi.