Majburiy mehnatga qarshi kurashish va mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi
2019-yil 18-iyun soat 15:00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev ishtirokida “O‘zbekistondagi ishsizlik sabablari, mehnat resurslarining sifati, shuningdek, majburiy mehnatga va mehnat migratsiyasi tizimidagi monopoliya va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar" mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.
Ma'lumki, 2018-yil 16-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonuni tashqi mehnat migratsiyasi faoliyati monopoliyasiga barham berib, xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga aholini ish bilan ta'minlash xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan, xorijga ishga yuborish vakolatlarini berdi. Bugungi kungacha 81 ta yuridik shaxs Xususiy bandlik agentligi (XBA) sifatida reestrda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 60 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish huquqini beruvchi litsenziya olgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan XBA faoliyatini takomillashtirish hamda ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida bir qancha chet el davlatlarida Vazirlik tomonidan xalqaro mehnat forumlari tashkillashtirildi. Mazkur tadbirlar orqali Xususiy bandlik agentliklari Rossiya, BAA, Yaponiya rekruting kompaniyalari bilan mehnat migrantlarini ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2019-yilning o‘tgan davri mobaynida Rossiyada Moskva mehnat forumi, Yaponiyaning Tokio shahrida o‘zbek-yapon mehnat forumi hamda Toshkentda Birlashgan Arab Amirliklari Mehnat resurslari vaziri ishtrokida forum amalga oshirildi va xususiy bandlik agentliklari uchun hamkorlik platformalari yaratib berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi qarori bilan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketuvchi fuqarolar kasbiy malakasi va til bilish darajasini baholovchi markazlarni akkreditatsiyadan o‘tkazishning yangi tizimi joriy qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, monopoliya tugatilib, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida respublika hududlarida xorij tilini bilish bo‘yicha test markazlarini tashkil etish uchun sharoitlar yaratildi. Xususan, Koreya Respublikasida ishga joylashish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi koreys tilidan saralash test sinovi bo‘yicha yangi shaffof tizimini joriy qildi.
Hozirgi kunda 2 ta ana shunday markaz akkreditatsiyadan o‘tkazilib, viloyatlar kesimida yana 10 ga yaqin bilimni baholash markazlarini tashkil etish bo‘yicha hujjatlar ko‘rib chiqilmoqda.
Mehnat siyosati bo‘yicha O‘zbekistonda, ayniqsa, so‘nggi ikki yil ichida majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘lida aniq maqsadga yo‘naltirilgan istiqbolli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, fuqarolarning mehnat muhofazasini ta'minlash va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan 200-06-01 ishonch telefoni hamda @mehnathuquqbot maxsus telegram bot tarmoqlari ishga tushirildi.
Birgina 2018-yilgi paxta terimi mavsumida ushbu ishonch tarmoqlari orqali 2000 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shulardan 200 ga yaqin murojaatlarda chindan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari aniqlangan. Paxta terimi mavsumida mehnat huquqlarini buzganligi uchun 160 dan ortiq mansabdor shaxslar lavozimidan ozod etish yoki tushirilish, jarima to‘lash singari ma'muriy javobgarlikka tortildi. Mazkur ishonch tarmoqlari fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishda bugun ham o‘z ishini faol davom ettirmoqda.
Majburiy mehnatga qarshi kurashishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tashkil etilgan yagona Davlat mehnat inspeksiyasi ham alohida o‘rin tutadi. Jumladan, Inspeksiya tomonidan 2018-yil 13264 ta korxonada mehnat huquqlari bilan bog‘liq 55282 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan. Ularni bartaraf etish bo‘yicha 9580 ta yozma ko‘rsatma va 889 ta taqdimnoma kiritilib, 8914 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 4614,3 mln. so‘m miqdorida ma'muriy jarima qo‘llanilgan. Qonunbuzarlikning katta ulushi mehnatni muhofaza qilish qonunchiligi va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik (29202) va mehnat shartnomasini tuzmasdan xodimlar mehnatidan norasmiy foydalanish (4729)ga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonning majburiy mehnatga qarshi kurashida, shubhasiz, xalqaro hamjamiyatlar bilan olib borayotgan mustahkam hamkorlik aloqalari muhim o‘rin egallaydi. Bu borada, ayniqsa, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning “Uchinchi tomon monitoringi” mutaxassislari va huquq himoyachilari bilan amalga oshirilayotgan samarali ishlarni qayd etib o‘tish joiz.
XMT vakillari o‘tgan yildan O‘zbekistonda majburiy mehnat holatlarini o‘rganish va monitoring yuritish bo‘yicha ilk marotaba mustaqil tarzda faoliyat olib borib, shu orqali mehnat qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq vaziyatlarni aniqlash shaffofligini ta'minlashda munosib hissa qo‘shdilar.
O‘tgan bir necha oy davomida majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar natijasida:
Birinchidan, AQSh O‘zbekiston paxtasini bolalar majburiy mehnati asosida yetishtiriladigan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqardi. Endilikda AQShdagi istalgan davlat tashkiloti O‘zbekiston paxtasini uning majburiy mehnat asosida yetishtirilmaganligini tasdiqlovchi sertifikat talabisiz xarid qilishi mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolar majburiy mehnat holatiga duch kelganlarida ushbu tizim orqali Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishonch tarmoqlariga murojaat qilishlari mumkin.
Uchinchidan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Parlamentga majburiy mehnat uchun javobgarlikni keskin oshirish to‘g‘risida qaror loyihasi kiritildi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 51-moddasiga muvofiq mehnatga majburiy jalb qilganlik uchun tayinlanadigan ma'muriy javobgarlikni EKOIHning 1-3 barobaridan 25-50 kacha, bu holat qayta sodir etilganda 50-100 baravargacha oshirish nazarda tutilgan.
To‘rinchidan, majburiy mehnatga barham berish, munosib mehnat sharoitlari yaratish bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa jahon hamjamiyati yetakchilari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi, yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar e'tirof etildi.