Majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston tajribasi xalqaro maydonda tan olinmoqda
Joriy yilning 1-mart kuni Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda 2021-yilda paxta yig‘im-terimi mavsumida o‘tkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa orqali o‘tkazilgan mazkur tadbirda mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda 30 dan ziyod xalqaro tashkilotlarning, jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon bankining xodimlari hamda AQSH, Germaniya va Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchilari ishtirok etdi.
Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori G.Rayder tadbirni ochar ekan, majburiy mehnatga qarshi kurashishda O‘zbekiston sezilarli yutuqqa erishganini ta’kidladi, uning salbiy oqibatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva o‘z so‘zida mamlakatimizda 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshrilgan ishlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh qilishga xizmat qilganini ta’kidlab o‘tdi.
Qayd etilganidek, mazkur islohotlar doirasida inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining mas'uliyatini va ochiqligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda turadi. Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz islohotlar yo‘lini tanladi, bu qishloq xo‘jaligida avvalgi rejali iqtisodiy modelni modernizatsiya qilish, yillik paxta yig‘im-terimida bolalar va majburiy mehnat bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishni o‘z ichiga oladi.
Biz ushbu islohotlarni xalqimiz va iqtisodiyotimiz farovonligi uchun amalga oshirdik. Paxta yetishtirish uchun davlat tomonidan buyurtma berish tizimini bekor qilish boshlang‘ich nuqta bo‘ldi”, — dedi Tanzila Narbayeva. – Biz erishgan yutuqlarimiz bilan to‘xtab qolmadik. Mehnat huquqlaridan xabardorlikni oshirishga qaratilgan ishlar orqali fikrlash va xatti-harakatlarni o‘zgartirish ustida tinimsiz ish olib bordik. Bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlikni joriy qildik. Mehnat inspeksiyasini kuchaytirdik va umumiy jihatlarni aniqlash va yechim topish uchun fuqarolik jamiyati bilan muloqotga kirishdik.
Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar, xususan sohaga bozor iqtisodiyoti tamoyillarining keng tatbiq etilishi, mexanizatsiyalashtirish, mehnat sharoitlarining yaxshilanishi, ish haqining oshirilishi majburiy mehnatning oldini olishga xizmat qilganligi, asosiysi, kuchli siyosiy iroda va islohotlarga kompleks yondashuv, ya’ni iqtisodiy islohotlar qatori ijtimoiy masalalarga e’tibor qaratilgani O‘zbekistonda tizimli majburiy mehnatning butunlay bartaraf qilinishiga xizmat qilganligi alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash, sohaga oid milliy qonunchilik asoslarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, birgina 2021-yilning o‘zida ushbu yo‘nalishda 16 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Mavjud muammolarni bartaraf etish va amaliyotni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan samarali muvofiqlashtirilib borilayotganligi keng e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining faol ishtirok etayotganligi, ularning fikrlari hamda tavsiyalari davlat organlari tomonidan doimo inobatga olinayotganligi va bu aniqlangan muammolarni tizimli bartaraf etishda muhim o‘rin tutayotganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda XMT tomonidan 2020-yilda paxta-yig‘im terimi mavsumi davomida o‘tkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalari haqida ham fikr yuritildi.
Xalqaro ekspertlar, xorijiy davlatlarning elchilari majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston tajribasi xalqaro maydonda tan olinayotganini, mehnat munosabatlarida xalqaro standartlarning qo‘llanilishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, brifingda majburiy mehnatga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbollari haqida fikr yuritildi.