Majburiy mehnatga karshi kurashish va adolatli ishga yollash mavzusida onlayn o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda

13.09.2021

Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ilgari surilgan Munosib mehnat dasturi erkin, adolatli va xavfsiz mehnat, ishchining mehnatini qadrlash tamoyillariga asoslanadi.

Xalqaro normalarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida bugungi kungacha Xalqaro mehnat tashkilotining 18 ta konvensiyasi va 1 ta bayonnomasi ratifikatsiya qilingan, shulardan 8 tasi asos soluvchi konvensiyalardir.

Bugun Xalqaro mehnat tashkilotining "Uchinchi tomon monitoring loyihasi" esperti O.Lipkanu hamda Bandlik va mehnat munosabatlari markaziy apparati ishtirokida “O‘zbekistonda mavsumiy ishchilarni adolatli ishga yollash” mavzusida Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida videokonferensaloqa shaklida o‘quv-trening tashkil etildi.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq, ushbu treninglarni Respublikamiz bo‘ylab davlat tashkilotlari rahbarlari, fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasterlari rahbarlari, adliya organlari xodimlari, Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi vakillarini jalb qilgan holda o‘tkazish belgilangan.

Bu bilan paxta yig‘im-terimi ishlarini faqatgina paxta-tekstil klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan joylardagi jamoat tashkilotlari ko‘magi asosida amalga oshirilishini ta’minlash, ushbu ishlarga mahalliy ijro hokimiyati vakillarining aralashuvini oldini olish nazarda tutilgan.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi. Ushbu videokonferensaloqa shaklidagi o‘quv mashg‘ulotlar viloyatlar bo‘ylab ham o‘z ishini davom ettirishi rejalashtirilgan.