Kvangju shahrida “O‘zbekistonliklar uchun ijtimoiy himoya qilish markazi”ning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi
Vazir Nozim Xusanov boshchiligidagi delegatsiya mehnat migratsiyasi sohasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish, O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga shartnoma asosida uzoq muddatli va mavsumiy ishchilar yuborish masalalarini qayta ko‘rib chiqish, ayni paytda ushbu mamlakatda mehnat shartnomasi bilan ishlayotgan ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida bugun Kvangju shahrida tashkil etilgan “O‘zbekistonliklar uchun ijtimoiy himoya qilish markazi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Markazning aynan Kvangju shahrida tashkil etilishiga asosiy sabablardan biri sifatida, ushbu hududda 4,6 ming o‘zbekistonlik fuqarolar mehnat faoliyatini olib borishi bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.
Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari bilan birgalikda mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi konsuli, Kvangju shahar meri, HRD Korea tashkiloti raisining o‘rinbosari, Xalqaro “Rotari” tashkilotining rahbari va boshqa nufuzli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Unda vazir Nozim Xusanov so‘zga chiqib, ushbu markazni zarur jihozlar bilan ta’minlanishi, shuningdek uning faoliyati uchun mutaxassis ajratilishini ma’lum qildi.
Markazda bir vaqtning o‘zida 15 nafar og‘ir ahvolda qolgan mehnat migrantlari va boshpanasiz fuqarolarga yordam ko‘rsatish, shuningdek mehnat migratsiyasi va amaldagi qonunchilik normalari to‘g‘risida ma’lumotlar bilan mehnat migrantlarini tanishtirib borish ko‘zda tutilgan.