Kun.uz nashrida e’lon qilingan “Mehnat migratsiyasini qo‘lga olgan korrupsiya” nomli material yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
RASMIY MUNOSABAT
Kun.uz nashrida e’lon qilingan “Mehnat migratsiyasini qo‘lga olgan korrupsiya” nomli material yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yangi ishchi kuchi kirib kelishi sharoitida mamlakatimizda va xorijda yurtdoshlarimiz bandligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida dunyoning rivojlangan davlatlari vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan doimiy muzokaralar o‘tkazilib, samarali loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida 2021 yil 1 may kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” hamda “Yapon tili va kasbiy malaka test markazi” nodavlat tijorat tashkiloti qo‘shma korxonasi o‘rtasida “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi band bo‘lmagan fuqarolarni Yaponiya mehnat bozori talablari asosida kasbga va yapon tiliga o‘qitish orqali Yaponiya ish beruvchilari tanloviga tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi” imzolangan edi.
Mazkur memorandumga asosan, vazirlik tizimidagi “Ishga marhamat” monomarkazlari binolarida yapon tili va kasbiy malaka yo‘nalishlari bo‘yicha darslar tashkil etish uchun ta’sischisi va rahbari Dilafruz Ikramova hisoblangan “Nippon Educational Academy” va akademiyaning ta’sischiligida tashkil etilgan “Yapon tili va kasbiy malaka test markazi”ga auditoriya va o‘quv jihozlari bepul ajratilgan. Bugungi kunda akademiyaning barcha monomarkazlardagi o‘quv xonalari o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
Akademiya tomonidan bir yilda o‘rtacha 2500 nafar fuqaroni o‘qitish imkoniyati mavjud. Bu borada fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida joriy yilning dekabr oyidan vazirlik tizimidagi kasb-hunar o‘quv markazlarida parallel ravishda vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan dasturga asosan yapon tili va kasblarga o‘qitish kurslari tashkil etildi va OAVda mazkur o‘quv kurslari hamda Yaponiyaga ishlash uchun ketish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar berib borilmoqda. Bugungi kunda ushbu o‘quv kurslariga 382 nafar fuqaro jalb etilgan.
Shu o‘rinda ba’zi raqamlar tahlilini keltirsak. 2020 yil 12 avgustdagi 4804-sonli Prezident qaroriga muvofiq Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi xisobidan Akademiyaga joriy yil 1 dekabr holatiga 1 mlrd 265 mln 228 ming so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
Akademiya tomonidan yo‘llanma asosida jami 1053 nafar (2021 yilda 302 nafar va 2022 yil 9 oyi davomida 751 nafar) fuqaro yapon tili hamda qishloq xo‘jaligi ishchisi va qariyalarni parvarishlovchi kasblariga o‘qitishga jalb qilingan. Shulardan 255 (2021 yilda 185 nafar va 2022 yilning 9 oyi davomida 70 nafar) nomzod yapon tili va kasbiy malaka kurslarini tamomlab, ularga Yaponiyaning Nippon Academy ta’lim tashkiloti sertifikati topshirilgan.
Biroq, tinglovchilarning 196 nafari o‘qishni yakunlagan, ulardan 154 nafari test imtihonlariga jalb qilingan va 52 nafari malaka va til bilish sertifikatlarini olgan. Bu umumiy o‘qishga yo‘naltirilganlarning atigi 5 foizini tashkil etadi.
Ta’kidlash joiz, fuqarolarning tanloviga ko‘ra “Nippon Educational Academy”ga yo‘llanmalar berilishi bugungi kunda mehnat organlari tomonidan davom etmoqda va joriy yil oktyabr-dekabr oylarida 107 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqaroga yo‘llanma berilgan.
Joriy yilning 21 iyul kuni Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida tashkil etilgan va Vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan to‘liq moliyalashtirilgan “Yaponiya-O‘zbekiston o‘rtasida mehnat munosabatlari va kasbiy ta’limni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan 2-mehnat forumi”da JIC ko‘magida Yaponiyaning 18 ta rekruting tashkiloti ishtirok etdi va ular tomonidan O‘zbekiston mehnat bozori imkoniyatlarini Yaponiyada targ‘ib qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Forum doirasida 18 ta rekruting tashkilotiga OTIT (Yaponiyanidagi texnik stajyorlarni tayyorlash tizimidagi vakolatli organ) tomonidan tasdiqlangan hamkorlik shartnomasi loyihalari ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan va ularning 6 tasi bilan hech qanday e’tirozlarsiz kelishuvlar imzolangan. Qolgan 12 tasi Vazirlik rasmiylarining Yaponiyaga kutilayotgan tashrifi doirasida imzolanishini bildirgan. Biroq, Yaponiyaga tashrif doirasida JIC tomonidan kelishuv shartnomalariga yangi qo‘shimchalar kiritilishi ta’kidlanib, bugungi kunga qadar ushbu shartnomalar bo‘yicha takliflar bildirilmagan.
Shuningdek, JIC bilan umumiy hamkorlik memorandumi imzolangan, ikki tomonlama uchrashuvda Yaponiya davlatida vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish markazini 2022 yilning sentyabr oyida tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Biroq, hamkor tashkilot tomonidan kelishuvga asosan ushbu markazni Yaponiya tartibiga asosan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shu jumladan markazni joylashtirish va ish faoliyatini yuritish bo‘yicha takliflar taqdim etilmadi.
Ushbu markaz faoliyati dolzarbligini inobatga olgan holda hamda Yaponiyadagi O‘zbekiston elchixonasining tavsiyasiga binoan “Nagoya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati” bilan hamkorlikda “O‘zbekistondan kelgan mehnat migrantlariga ko‘maklashish va ularning huqularini himoya qilish markazi” tashkil etildi.
Shundan kelib chiqqan holda joriy yil avgust oyida vazirlik ishchi guruhi Yaponiyada qator yirik ish beruvchi korxonalar bilan muzokaralar o‘tkazib, 20 ga yaqin shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalar asosida yiliga o‘rtacha 5000 nafar fuqaroni yapon tili va Yaponiya mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish tizimini tashkil qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, JICA tashkiloti bilan hamkorlikda vazirlik tizimidagi ta’lim muassalariga Yapon mutaxassislarini ko‘ngilli sifatida jalb qilish choralari ko‘rildi.
Raqobatni rivojlantirish, monopoliyani oldini olish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yapon tilini o‘qitish uchun mavjud talablarga javob bera olgan har qanday tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlik qilish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Intervyuda e’tiroz bildirilgan “Yo‘l xarita”dagi “texnik kamchiliklarda” vazirlik tomonidan quyidagi mexanizmlar belgilab berilgan:
- Yapon tili bo‘yicha bilimni baholash bo‘yicha tegishli hamkor tashkilotlar (Prometrik) bilan shartnoma imzolash.
- Til bilimini baholash bo‘yicha ixtisoslashgan markaz tizimini tashkil etish.
- Bitiruvchilarni yapon standartlari asosida test sinovlaridan o‘tkazish uchun “Prometrik” tashkilotiga kerakli shart-sharoitlarni yaratib berish. Bu test sinovlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimi mutlaq ishtirok etmaydi.
Ta’kidlash joizki, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti (JICA) va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2018 yildan buyon hamkorlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Joriy yilning dekabr oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va JICA tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, intervyuda tilga olingan fuqarolarni Koreya davlatiga ishga jo‘natish tizimi haqida. Koreya Respublikasiga ishga ketish istagidagi fuqarolar, Koreyaning HRD (Inson resurslarini rivojlantirish xizmati) tomonidan tashkil etiladigan test sinovlaridan, muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, ularning ma’lumotlari SPAS tizimiga joylashtiriladi va 2 yil davomida ish beruvchilar o‘zlari xohlagan nomzodni mustaqil tanlab oladi. Mazkur jarayonga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimi mutaxassislari mutlaqo aralasha olmaydi, bu borada OAV orqali doimiy ravishda tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Ushbu masalada barcha savollar yuzasidan vazirlik mutasaddilari qo‘shimcha tushuntirish va izoh berishga tayyorligi ma’lum qilinadi.