Kunlik ishchilar markazi haqida ma'lumotga egamisiz?
Joriy yilning fevral oyida Yashnobod hamda Yunusobod tumanlarida aholi bandligini ta'minlash, ayniqsa, kunlik ishlar bilan band bo‘lgan ishchilarning ko‘chada sarson-sargardonligiga barham berishda, shu kabi markazlarning tashkil etilishi yaxshi natija bermoqda.
Kunlik ishchilar markazining maqsadi
Qishning qahratonida, yozning jaziramasida yo‘l bo‘yida ish topish niyatida turgan odamlarga sizning ham ko‘zingiz tushgan ehtimol. Ular uchun yetarli shart-sharoit yaratish maqsadida mazkur inshootlar foydalanishga topshirildi.
Markaz qanday imkoniyatlarga ega?
Markaz isitish-sovutish tizimi bilan ta'minlangan. Shuningdek, arzonlashtirilgan ovqatlanish shoxobchasi, ishchilar uchun zarur asbob-uskunalarni ijaraga berish tizimi, xohlovchilarga bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun kitoblar, shaxmat-shashka, mehnat muhofazasi haqida tushuncha beruvchi ko‘rgazmali qurollar mavjud.
Bundan tashqari, xorij tajribasini o‘rgangan holda markazda vaqtinchalik ish bilan ta'minlashda AUTSORSING va AUTSTAFFING xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Markazning ishga tushirilishi orqali ish izlovchilarni ro‘yxatga olishda eskicha yondashuvga barham berildi, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniyati yaratildi, ish beruvchi va ish izlovchilar o‘rtasida muloqot qilish uchun maydon yuzaga keldi, shuningdek ro‘yxatdan o‘tgan ish izlovchilarning zaruriy ish qurollari bilan bog‘liq muammolari barham topib, mehnat muhofazasining kafolatlanishiga erishildi.
Hozirda markazlarda ayollarni kasbga o‘qitish kurslarini tashkil etish nazoratga olingan. Shu orqali xotin-qizlar o‘z hududida mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi.
Markazda xizmatlar bepul.