KORRUPSIYA -  JAMIYAT KUSHANDASI

21.09.2021

Xo’sh,  korrupsiya nima? Etimologik jihatdan “korrupsiya” atamasi buzish pora evaziga og’dirish degan ma’noni anglatadigan lotincha “corruption” so’zidan  kelib chiqqan.

Qonunlarimizda bu atama shaxsning o’z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini ko’zlab moddiy va nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi sifatida ta’rif berilgan. Demak, o’z-o’zidan ayonki, davlat xizmatchilari tomonidan poraxo’rlik, mansab mavqeini suis’temol qilish bilan bog’liq jinoyatlar sodir etilishi davlat hokimiyatining obro’sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy va huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada amaldagi hokimiyatga nisbatan noroziliklarga sabab bo’ladi.

Shu tufayli tadqiqotchilar korrupsiyaning asosiy sabablari sifatida toʻrtta omilni koʻrsatadilar: 

 Birinchisi, iqtisodiy sabablar. Korrupsiyaning bu koʻrinishi ijtimoiy-iqtisodiy hayotni bevosita maʼmuriy yoʻl bilan boshqarishga intilgan, hokimiyat va byurokratiyaning mavqei baland boʻlgan sharoitda rivoj topadi. Iqtisodiy faoliyatga nisbatan oʻrnatilgan turli xildagi cheklashlar, amaldorlarning teng nazoratdan holi, cheklanmagan yoki ruxsat berish, yoki taʼqiqlash vakolati korrupsiyaga zamin yaratadi.

 Ikkinchisi, huquqiy sabablar. Korrupsiyaning rivoji qonunlarning sifatiga bogʻliqdir. Mukammal boʻlmagan qonunlar ishlamaydi va ayrim uddaburonlar bundan ustalik bilan foydalanadilar.

Uchinchisi, institutsional sabablar boʻlib, ularga avvalo, davlat boshqaruvi tizimidagi nuqsonlar, demokratik institutlarning kuchsizligi, shuning natijasida hukumat faoliyatining yopiqligi yoki fuqarolik nazoratidan holiligi kiradi.

Toʻrtinchisi, ijtimoiy sabablar yoki jamiyatdagi muhit, aholining huquqiy bilimi, madaniyat darajasi, maʼnaviyati, uyushqoqligi va jamoat faolligi pastligidir.

Zero, bu omil tufayli davlatning rivojlanishi sekinlashadi. Shu bilan birga, uning taʼsiri ostida fuqarolarning ijtimoiy adolatga, haqiqatga va davlat organlariga ishonchi yoʻqoladi. Korrupsiyaning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashishni biz, eng avvalo, oʻzimizdan boshlashimiz, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishimiz zarur.

Shahnoza Hoshimova

Nurota tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimi