Koreya Respublikasiga ishga ketish bilan bog‘liq jarayonlar haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat
Koreya Respublikasiga ishga ketish bilan bog‘liq jarayonlar haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan
Ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning Koreya Respublikasiga ishga ketishi bilan bog‘liq jarayonlar to‘g‘risida turli xabarlar tarqalmoqda.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekistondan fuqarolar Koreya Respublikasiga ishchi kuchi jo‘natuvchi barcha davlatlar bilan hamkorlik bo‘yicha bir xil tizim asosida ishga jalb etiladi. Bu borada ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga asosan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yagona vakolatli tashkilot hisoblanadi.
Ushbu davlatga ishga ketish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihonlarning barcha bosqichlari Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar ish beruvchilar tomonidan mustaqil tanlab olinadi va bu jarayonlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari ishtirok etmaydi.
Nomzodlarning Koreya Respublikasiga ishga ketishi bilan bog‘liq barcha to‘lovlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlariga emas, bank maxsus kassalarida amalga oshiriladi.
Xususan, tibbiy ko‘rik O‘zbekiston dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi tomonidan amalga oshiriladi va xarajatlari ushbu markazga, ishchi vizasi xarajatlari Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasiga, aviachipta xarajatlari esa aviakassalarga to‘lanadi.
Fuqarolarning ushbu davlatga tashkillashtirilgan holda kirib borishi uchun qulaylik yaratish maqsadida har bir jo‘nab ketuvchi guruhga yuqoridagi xizmatlardan bir vaqtda va bir joyda foydalanish tavsiya qilinadi.
Shuningdek, fuqarolar Toshkent shahriga yetib kelgach, mehmonxonada bir kun yashaydi. Ushbu joyda Koreya Respublikasida ishlash tartibi, xususan, migratsiya qonunchiligiga rioya qilish, mehnat shartnomasini buzmaslik kabi tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi. Mehmonxonadan avtobuslarda aeroportga yetkaziladi. Ushbu mehmonxonaning 2 mahal ovqati bilan 1 kunlik xarajati bugungi kunda 350 ming so‘mni tashkil etadi.
Koreya Respublikasining vakolatli tashkilotlari va ish beruvchilari ishonchini qozonish, ushbu davlat hududida bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz tomonidan mehnat shartnomasi, migratsiya qonunchiligiga rioya qilinishini ta’minlash, shu orqali ushbu davlatga ishlash uchun boruvchi fuqarolar sonini oshirish borasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi doimiy choralarni ko‘rmoqda.
Fuqarolar Koreya Respublikasiga ishga ketish bilan bog‘liq muammo yoki savollar yuzaga kelganda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishi mumkin.