Koreya Respublikasida ishlash uchun o‘tkazilgan saralash test imtihonlari natijasi ma'lum bo‘ldi
Koreya Respublikasida ishga joylashish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun EPS-TOPIC imtihonlarini tashkil etish bosqichlariga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining test.mehnat.uz portalida ko‘rsatilgan milliy reestrdagi dinamik ro‘yxatga nomzodlarni qo‘shish joriy yilning 15-iyul kuni to‘xtatildi.
Mazkur dinamik ro‘yxatga 15-iyul holatiga ko‘ra koreys tilini bilish bo‘yicha malakasi tasdiqlangan jami 4456 nafar nomzod kiritilgan. Ushbu nomzodlar akkreditatsiyaga ega Bilimni baholash markazlari tomonidan taqdim etilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining nazorat tartibidagi saralash test sinovlaridan o‘tgan shaxslar hisoblanadi.
Biroz avval nomzodlar bilimini baholashda yo‘l qo‘ygan adolatsizligi sabab Samarqanddagi Bilimni baholash markazlaridan birining akkreditatsiyasi bekor qilinib, markaz tomonidan berilgan barcha – 483 nafar nomzod dinamik ro‘yxatdan chiqarilgan edi.
Biroq dinamik ro‘yxatdan chiqarilgan nomzodlarning huquq va manfaatlarini cheklamasliq hamda odillikni ta'minlash maqsadida 14-iyul ular uchun saralash test imtihonlarini qayta topshirish imkoni berildi. Test sinovlarida dinamik ro‘yxatdan chiqarilgan nomzodlardan tashqari birinchi marta ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxslar – umumiy 761 nafar shaxs ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, dinamik ro‘yxatga kiritilgan nomzodlar orasida eng ko‘p ball to‘plagan 2500 nafar shaxs EPS-TOPIC imtihonlarini topshiradi.