Kasbiy standartlar jamoatchilik muhokamasida ishtirok eting!

18.03.2024

Kasbiy standartlar — kadrlarni baholash, attestatsiyadan o‘tkazish, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun asos sifatida ishlab chiqilib, foydalanuvchilarning keng doirasiga mo‘ljallangan.

Jumladan:

xodimlarga — tarmoqda kasbga qo‘yilgan talablarni tushunish, o‘z malakalarini oshirishni rejalashtirish va xizmatda o‘sish;

ish beruvchilarga — xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan talablar, yo‘riqnomalar va majburiyatlarni ishlab chiqish, xodimlarni yollash va attestatsiyadan o‘tkazish, shuningdek kadrlarning malakasini oshirish, rivojlantirish, o‘sishi va rotatsiyalash dasturlarini tuzishda;

ta’lim tizimi vakillariga — dasturlar va modullarni ishlab chiqish uchun;

malakani tasdiqlash va sertifikatlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga — xodimlarni sertifikatlash uchun baholash materiallarini va moslik darajalari bo‘yicha xodimlarning malaka mezonlarini ishlab chiqishda;

davlat organlariga — kasb standartlaridan mehnat bozori va uning ishtirokchilarini baholash, monitoringini yuritish va prognozlash mezonlari sifatida foydalaniladi.

Kasbiy standartlar registri Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “profstandart.mehnat.uz” yagona ochiq portalida yuritiladi.

Ushbu portalda:

— kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari tomonidan kasbiy standartlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun joylashtiriladi;

— kasbiy standartlar loyihalari jamoatchilik va ekspertlar muhokamasidan o‘tkaziladi;

— kasbiy standartlarning registri va ular matnlarining amaldagi tahrirlari bilan erkin tanishish imkoniyati mavjud;

— ish beruvchilar va mutaxassislar tomonidan kasbiy standartlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish mumkin;

— “ochiq maydoncha” tamoyili asosida va real vaqt rejimida yangi kasb standartlarini ishlab chiqish va amaldagilarini takomillashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Mazkur registrda hozirgi kunda jami 2262 ta kasbiy standartlar mavjud bo‘lib, shundan 6 ta loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi davom ettirilmoqda.

Ushbu muhokamada barcha fuqarolar ishtirok etishi mumkin.

Aziz fuqaro, muhokamaga quyidagi havola orqali https://profstandart.mehnat.uz/uz/documents o‘tib, o‘z taklif va mulohazalaringizni izohlarda yozib qoldirishingiz mumkin.

Unutmang, sizning fikringiz biz uchun muhim!