Karantin davrida ishlash va mehnat ta'tili olish tartibi xususida
Butun insoniyat salomatligiga xavf solgan pandemiya sabab dunyo davlatlari, xususan, yurtimizda ham infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun karantin tadbirlarini joriy qildi. Shu sabab ko‘pgina korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyati to‘xtatildi yoki ish hajmlari kamaytirilib, tashkilot xodimlariga yillik mehnat ta'tillari, ish haqi saqlanmagan ta'tillar berildi, ayrim xodimlar masofaviy ish usullariga o‘tkazildi, ayrim xodimlar qisqartirilgan ish vaqti rejimiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son Farmonining 18-bandida:
maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim maktablarning faoliyati to‘xtatilgan davrda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta'lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘quvchilarining ota-onalariga (ular o‘rnini bosuvchi shaxslarga, vasiylarga, homiylarga) yillik ta'tildan foydalanish grafigidan qat'i nazar (shu jumladan 6 oydan kam ishlaganlarga) yillik ta'til taqdim etilishi;
karantinga oid choralar amal qilishi davrida ish beruvchilar xodimlarni, ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan hamda surunkali kasallikka chalingan shaxslarni, ularning roziligi bilan, masofadan turib ishlash usuliga, qulay ish grafigiga yoki uydan turib ishlashga o‘tkazishlari mumkinligi belgilandi.
Mazkur Farmon ijrosi bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Adliya vazirligidan 2020 yil 28 martda 3227-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilganda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta'lim muassasalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yillik mehnat ta'tili berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi nizom hamda Adliya vazirligidan 2020 yil 28 martda 3228-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Karantinga oid choralar amal qilishi davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mehnat kodeksining 150-moddasi birinchi qismiga ko‘ra ish haqi saqlanmagan ta'til xodimning arizasiga asosan beriladi va o‘n ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.
“Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilganda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta'lim muassasalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yillik mehnat ta'tili berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 9-bandiga asosan ish beruvchi xodimga arizasida ko‘rsatilgan sanadan boshlab to‘liq muddatga ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta'til berishga majbur. Ushbu mehnat ta'tiliga Mehnat kodeksining 150-moddasi birinchi qismida belgilangan maksimal muddat bo‘yicha cheklovlar karantin davrida tatbiq qilinmaydi.
Karantin davrida fuqarolar tomonidan 7 yarim mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi, shundan 1022 tasi aynan ta'tillari berilishida qonunchilik talablariga rioya etilmaganligidan norozi bo‘lishgan yoki tegishli maslahatlar so‘ralgan.
Ushbu murojaatlarni o‘rganish vaqtida xodimlarga yillik mehnat ta'tillari yoki ish haqi saqlanmagan ta'tillar berishda qonunchilik talablariga rioya etmasdan, fuqarolarning mehnat huquqlari buzilgan holatlar ham kuzatildi.
Fuqarolarning murojaatlarni o‘rganish davomida 3174 ta murojaatlar qanoatlantirilib, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi, 4038 ta murojaat bo‘yicha tegishli maslahatlar berildi. Aniqlangan qonun buzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha 932 ta yozma ko‘rsatmalar va 76 ta taqdimnomalar kiritildi hamda 135 nafar aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llanildi.
Murojaatlarni qisqa muddatda o‘rganish uchun vazirlik tizimida “Murojaatlarni masofaviy usulda o‘rganish” tartibi ishlab chiqilib, murojaatlarning aksariyat qismi masofiviy usulda o‘rganildi.
Bundan tashqari, karantin davrida targ‘ibot tadbirlari kuchaytirildi, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibotni amalga oshirishga hamda onlayn tarzda seminarlar o‘tkazilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, karantin davrida jami 2 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan, shundan 198 ta ommaviy axborot vositalari orqali, 282 ta ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘tkazilgan va joylarda mingdan ortiq seminar va brifinglar o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, agar mehnat huquqlaringiz buzilsa yoki majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilishi haqida ma'lumotga ega bo‘lsangiz, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “1176” qisqa raqamli ishonch telefoni, ijtimoiy tarmoqdagi “dmi.mehnat.uz” sayti hamda “mehnathuquqbot” telegram botiga murojaat etishingiz mumkin. Har bir murojaat va xabarlar belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi va natijasi haqida ma'lumot beriladi. Murojaatchining xohishiga ko‘ra shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.