Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Paxta yig‘im-terimi davrida mehnat sharoitlari yaratilishi va majburiy mehnatning oldini olish” mavzusidagi BRIFINGI

11.10.2023

Joriy yil paxta mavsumidan oldin mehnat sharoitlarini yaratish va majburiy mehnatning oldini olish yuzasidan axborot kompaniyasini tashkil etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Yurtimizning barcha hududlaridagi aholi gavjum joylarda mavzuga doir peshlavhalar o‘rnatildi hamda keng targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasterlarining vakillari uchun respublikaning barcha hududlarida majburiy mehnatning oldini olish, mavsumiy ishga jalb qilinadigan ishchilarni yollashda mehnat qonunchiligiga amal qilish mavzusida o‘quv seminarlar o‘tkazildi.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 4 ming 960 ta seminar-treninglar va davra suhbatlari tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda 314 mingdan ortiq fuqarolar qatnashdi.
Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha Uch tomonlama komissiya tomonidan «2023 yilda paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olishni tashkil etish bo‘yicha Tavsiyalar» tasdiqlandi.
Nizomda “Namunaviy shartnoma”, terim otryadlarini tashkil qilish bo‘yicha hujjat shakli ilova qilindi.
Mavsum davomida fuqarolar tomonidan kelib tushadigan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish hamda majburiy mehnatni bartaraf etish maqsadida Bandlik vazirligining “1176” qisqa raqamli Ishonch telefoni uzluksiz ishlashi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, “Munosibmehnat.uz” telegram bot messendjeri orqali fuqarolarning mehnat masalalariga oid murojaatlari qabul qilinmoqda.
Joriy yilgi paxta monitoringiga respublika bo‘ylab 350 dan ortiq mehnat inspektorlarining barchasi majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda mehnat sharoitlarining yaratilishi yuzasidan monitoring olib bormoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan respublika bo‘yicha 644 ta tashkilot, fermer ho‘jaliklari hamda paxta dalalarida monitoring o‘tkazildi.
Bugungi kunga qadar vazirlikning ishonch telefonlari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 225 ta (call markaz orqali - 172 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali 18 ta, telegram bot orqali 18 ta) murojaat kelib tushdi. Shundan:
4 tasi majburiy mehnatga jalb qilinganligi;
11 tasi munosib mehnat sharoitlari yaratilmaganligi;
13 tasi terim pullari o‘z vaqtida berilmayotganligi;
4 tasi mehnat shartnomasi mavjud emasligi;
177 tasi 1 kg teriladigan paxtaning narxi to‘g‘risidagi murojaatlardir.
Hududlarda tashkil etilgan Ishchi guruhlar tomonidan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilib, shulardan, 17 ta murojaat qanoatlantirildi, 189 ta murojaat bo‘yicha terimchilar va fermer xo‘jaliklariga tushuntirish berildi, 15 ta murojaatdagi vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ishchi guruhlar tomonidan kelib tushgan 17 ta murojaatlar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ta’sir chorasi sifatida 12 ta fermer xo‘jaliklariga Yozma ko‘rsatma, 3 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma va 1 ta murojaatda aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Paxta mavsumida munosib mehnat sharoitlari yaratilishi va majburiy mehnatning oldini olish borasidagi targ‘ibot ishlari davom etadi.

Qadrli yurtdoshlar!
Paxta yig‘im-terimi mavsumida mehnat huquqlaringiz buzilishi sodir bo‘lsa yoki shu kabi holatlarga guvoh bo‘lsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamli “Ishonch telefoni” hamda “Munosibmehnat.uz” telegramm botiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi.
Zero, munosib mehnat kafolati – mehnatkash xalqimizning saodatidir!