Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaevning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan BAYRAM TABRIGI

07.03.2023

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaevning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan BAYRAM TABRIGI

Aziz va muhtarama opa-singillar! Qadrli hamkasabalar!

Barchangizni bahor nafasi kezib yurgan ushbu shukuhli kunlarda nishonlanayotgan o‘zingiz kabi go‘zal bayramingiz 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan vazirlik jamoasi nomidan samimiy muborakbod etaman!
Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligini ta’minlab kelgan.
Dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlab yaratilgan va bunyod etilgan.
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki, Sizlar bilan hayotimiz go‘zal va sermazmun, xonadonlarimiz, ishxona-idoralarimiz obod va nurafshondir.
Xotin-qizlarimiz Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida muhim o‘rin va mavqega ega.
Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-iqtisodiy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’rifat, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib kelmoqda.
Yangidan keng miqyosda faoliyat boshlagan vazirligimiz va tizimlarida jonbozlik ko‘rsatayotgan xotin-qizlarimiz, muhtarama opa-singillarimizni ham qadrini va qaddini baland tutishi, munosib xizmat sharoitlarida faoliyat yuritishi uchun imkoniyat yaratamiz, hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz!
Bir so‘z bilan aytganda, xonadonimizning fayzi va farishtasi bo‘lgan munis va mo‘tabar Ayollarimiz – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

Hurmatli opa-singillar!
Yana bir bor, barchangizni bahor va go‘zallik bayrami bilan qutlab, xonadoningizga fayzu baraka, shodu xurramlik, totuvlik tilayman!
Guldek chehrangizda doimo quyosh kulib tursin!
Hamisha bahor kabi go‘zal va malohatli bo‘lib yuring!