Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Mixail Pushkin bilan uchrashdi.
Dastavval, vazir Behzod Musayev “Ijtimoiy adolat uchun global koalitsiya” tashabbusida mamlakatning ishtiroki har taraflama manfaatli ekanligini qayd etib, ushbu noyob platforma mehnat huquqlari ta’sirchanligini oshirish, erkin tanlangan bandlikni rag‘batlantirish, mehnat sohasidagi halol raqobatni yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda mehnat bozoridagi muammolarni hal qilishda yangi yondashuvlarni ishlab chiqish, shu jumladan ishsizlikni qayd etish usullarini yaxshilash va band bo'lmagan aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, rivojlangan davlatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun mintaqaviy "yashil ish oʻrinlari" dasturi loyihasini amalga oshirish, Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishining bandlikka taʼsirini modellashtirish boʻyicha oʻquv markazini tashkil etish takliflari o‘rganildi.
XMT bilan hamkorlikda Davlat mehnat inspeksiyasi faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda va buning natijasida milliy standartlar xalqaro mehnat standartlariga moslashtiriladi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan loyihalar yuzasidan jadal muzokaralar olib borilib, amaliy ishlarni boshlashga kelishildi.