O‘zbekiston paxtasiga nisbatan e’lon qilingan boykotni bekor qilish to‘g‘risida QO‘SHMA BAYONOT
2022-yil 10-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida O‘zbekiston paxtachilik sektorida mehnat sharoitlari muhokasiga bag‘ishlangan qo‘shma press-brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar: Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov, shuningdek, xalqaro brendlar va fuqarolik jamiyati vakillari.
Press-brifing ishtirokchilari “Cotton Campaign” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida, o‘zaro hurmat va konstruktivizm muhitida o‘tgan muzokaralar va maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha quyidagilarni ta’kidlaydilar:
- 2017-yildan beri 331 ta xalqaro brend va riteylerlar kompaniyalirini o‘z ichiga olgan “Cotton Campaign” xalqaro nodavlat tashkiloti (xalqaro koalitsiya) paxta yigʻim-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanganligi sababli Oʻzbekiston paxta mahsulotlariga nisbatan boykot eʼlon qilgan.
- 2017-yildan boshlab O‘zbekiston Hukumati koalitsiya a’zolari bilan “paxta boykotini” bekor qilish maqsadida progressiv muloqot olib bormoqda. Shunday qilib, 2019-yil iyun oyida o‘tkazilgan qator uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha koalitsiya O‘zbekiston Hukumatiga paxta sanoatida majburiy mehnatga barham berish va amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli qarashlarni aks ettiruvchi “Islohotlar bo‘yicha yo‘l xaritasi”ni taqdim etdi.
- Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashda tarixiy choralar amalga oshirildi: Hukumat tomonidan majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi va paxta yetishtirish uchun kvotalar belgilash tartibi bekor qilindi, XMT va Jahon banki tavsiyalariga muvofiq terimchilarning ish haqi sezilarli darajada oshirildi va bu ko‘ngillilar sonini sezilarli darajada oshirdi.
- Besh yil ichida mamlakatda tizimli majburiy mehnatga barham berildi. “Cotton Campaign” koalitsiyasining yetakchi hamkori bo‘lgan “Inson huquqlari bo‘yisha O‘zbek forumi” tomonidan 2009-yildan boshlab majburiy mehnat holatlarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilib kelinayotgan mustaqil monitoringni o‘tkazish amaliyotida birinchi marta 2021-yilgi paxta terimi mavsumida tizimli majburiy mehnat mavjud emasligi tasdiqladi.
Ishchilar huquqlarini himoya qilish va tizimli majburiy mehnatga to‘liq barham berish borasida erishilgan yutuqlarni hisobga olgan holda, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasi nisbatan boykotni bekor qilinganini e’lon qiladi.
Koalitsiya aʼzolari ushbu tarixiy yutuq Oʻzbekistonlik fuqarolik jamiyati faollari, xalqaro huquq himoyachilari va xalqaro brendlarning birgalikdagi koʻp yillik faoliyati hamda Oʻzbekiston Hukumatining majburiy mehnatga barham berishga qaratilgan qat’iyati natijasida erishilganini ta’kidlaydilar.
Koalitsiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning majburiy mehnatga barham berish va Oʻzbekiston paxta sektorini isloh qilish uchun zarur boʻlgan tarixiy islohotlarni tashabbuskorligi
va ularni amalga oshirishdagi rolini yuqori baholaydilar.
Shu bilan birga, Tomonlar fuqarolik jamiyati rolini kuchaytirishga va mehnat huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha mustaqil monitoringni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan kelgusidagi choralarni ko‘rish zarurligini e’tirof etgan holda, ta’minot zanjirida shaffoflikni va erkin kuzatuvni ta’minlashga qaratilgan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.